CHATQOL VODIYSI



CHATQOL VODIYSI – G’arbiy Tyanshan tog’laridagi vodiy, Chatqol daryosi yuqori oqimida. Qirg’iziston Respublikasining O’sh viloyati hududida. Shimoli g’arbdan Piskom va Sandalash, shimoldan Talas Olatovi, Jan.sharqdan Chatqol tizmasi bilan o’ralgan. Shimoli sharqdan Janubi g’arbga 90 kilometrdan ziyod masofaga cho’zilgan. O’rtacha eni 2-5 kilometr. Vodiy tubining balandligi Janubi g’arbdan (1400 metr) shimoli sharqqa (2200 metr) ortib boradi. Vodiy Chapchama dovoni (2841 metr) orqali Qozog’istonning Jambul viloyati bilan bog’langan. Chatqol vodiysining o’rta qismidan oqib o’tadigan Chatqol daryosi va uning o’ng va chap irmoqlari (Qoraqasmoq, Toldibuloq, Sandalash, Jartisu, Qoraqorum va boshqalar) keng qayir, bir qancha erozion va erozionakkumulyativ terrasalar hosil qilgan. Terrasalardan yuqorvdagi tizmalar yon bag’rida va suvayirg’ich qismlarida tekislangan yuzalar uchraydi. Chatqol vodiysi tektonik jihatdan gersin burmalanishi davrida shakllangan sinklinal botiqtsir. Vodiyni o’rab olgan tizmalar paleozoygacha va paleozoy davri cho’kindi, metamorfik va vulkanik tog’jinslari (slanes, qumtosh, ohaktosh, konglomerat, kvarsit va boshqalar) dan tashkil topgan. Vodiyda paleogen va to’rtlamchi davr cho’kindi tog’ jinslari (qumtosh, alevrolit, gil, konglomerat, mergel, qum aralash shag’al toshlar, lyosslar) tarqalgan. Iqlimi keskin kontinental. O’rtacha temperatura yanvarda -17,8°, iyulda 17,3°. Eng past temperatura (-47°) dekabrda kuzatiladi. O’rtacha yillik temperatura 2° atrofida. Yillik yog’in 600-700 millimetr. Asosan, mart — aprel oylarida yog’adi. Chatqol vodiysi hududida, asosan, bo’z, qo’ng’ir, jigarrang tuproqlar, Daryo va soylar oqizib keltirgan tosh, qum va qumloqlar uchraydi. Efemer va efemeroidlardan lola, lolaqizg’aldoq, rang, qo’ng’irbosh, bug’doyiq, kakra, bo’tako’z va boshqalar, vodiyning balandroq qismlari va daryo bo’ylarida bo’liq o’tlar, butalar, daraxtlar (tikanli bodom, do’lana, zirk, archa, yong’oq, zarang, qayin, qayrag’och, tol, terak, olcha va boshqalar) o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, ayiq, tulki, bo’rsiq, Olmaxon, kiyik, qor qoploni, silovsin, kalamush, ilonlar; qushlardan kaklik, kaptar, chumchuq, qirg’iy, lochin, so’fito’rg’ay va boshqalar bor. Vodiy hududida Beshorol qo’riqxonasi tashkil qilingan. Vodiyda dehqonchilik, bog’dorchilik bilan shug’ullaniladi va undan yaylov sifatida foydalaniladi. Murod Mamatqulov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz