CHATQOL TIZMASI



CHATQOL TIZMASI – G’arbiy Tyan Shandagi tog’ tizmasi. Qirg’iziston va O’zbekiston hududlarida. Farg’ona va Chatqol vodiylarini bir-biridan ajratib turadi. Janubi g’arbdan shimoli sharqqa 220 kilometr cho’zilgan. Shimoliy Sharqiy qismida Talas Olatovidan Terekbel dovonining g’arbrog’ida ajralgan, Janubi g’arbda Chirchiq vodiysida tugaydi. Balandligi 3000-3500 metr, eng baland joyi 4503 metr. Chatqol tizmasida bir-biridan daryolar bilan ajralgan bir qancha tog’ massivlari bor. Bulardan yiriklari Surenota, Qizilnura, Uchtosh, Arashon, Sargardon, Qumbel va boshqalar. Chatqol tizmasi asimmetrik tuzilishga ega. Shimol va shimoliy g’arbiy yon bag’irlari Chatqol daryosi vodiysidan tik ko’tarilgan. Janubi va Janubiy Sharqiy yon bag’irlari esa qiyaroq. Suvayirg’ich qismida ko’plab tik ko’tarilgan cho’qqilar bor. Yon bag’irlari zich daryo vodiylari bilan kesilgan, denudasion yuzalar tarqalgan. Tektonik jihatdan gersin burmalanishi davrida shakllangan antiklinoriy. Hozirgi balandligiga bugungi kunlarda ham davom etayotgan yangi tektonik harakatlar ta’sirida ko’tarilgan. Chatqol tizmasi, asosan, paleozoy davri cho’kindi, metamorfik, otqindi tog’jinslari (slanes, ohaktosh, granit, granodiorit, porfir va boshqalar) dan tashkil topgan. Etaklarida paleogen, neogen, to’rtlamchi davr shag’al, gil, konglomerat, lyoss qatlamlari uchraydi. Suvayirg’ich va unga yondosh qismlarida qadimgi muzliklar qoldirgan muzlik yotqiziqdari (morenalar) ham tarqalgan. Iqlimi kontinental, kishi sovuq, yozi salqin, sernam. Yiliga 1000 millimetrdan ziyod yog’in tushadi (g’arbiy qismida yog’ingarchilik kamroq). Tuproq o’simlik qoplami balandlik mintaqalari bo’yicha tog’dasht mintaqasidan boshlanib, abadiy qorlar bilan qoplangan nival mintaqada tugaydi. Tizmaning etaklarida bo’z tuproqlar tarqalgan. Ularda Lola, lolaqizg’aldoq, rang, qo’ng’irbosh, oq kavrak, bug’doyiq, chalov, betaga, taktak, bo’tako’z, butalardan do’lana, togolcha, achchiqbodom va boshqalar o’sadi. Yuqoriroq qismlarida qo’ng’ir tog’ o’rmon, kashtan tuproqlarda baland bo’yli o’tlar, tikanli bodom, do’lana, zirk, archa, yong’oq, qoraqarag’ay, zarang, qayin va boshqalar uchraydi. 3000 metr balandlikda subalp, Alp o’tloqdari mavjud. Ttguningdek, mushukquyruq, Alp lolasi, yovvoyi piyoz, qiziltikan, kavrak va b. o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan qobon, bo’rsiq, Olmaxon; tizmaning baland qismlarida kiyik, qor qoploni, silovsin, bo’ri, ayiq, tulki va boshqalar; qushlardan kaklik, kaptar, bulbul, qirg’iy, Lochin, kalxat va b. uchraydi. Chatqol tizmasi hududida Sarichelak qo’riqxonasi va Ugomchatqol davlat tabiat milliy bog’i tashkil etilgan. Chatqol tizmasining tabiiy resurslaridan eng muhimlari: qazilma boyliklar, suvenergiya resurslari, shifobaxsh iqlimi, mevali va dorivor o’simliklaridir. Murod Mamatqulov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz