CHATQOL



CHATQOL — Qirg’iziston Respublikasi O’sh viloyati va O’zbekiston Respublikasi Toshkent viloyatidagi daryo. Chorvoq suv ombori qurilgunga qadar Chirchiqning yirik irmog’i bo’lgan. Uzunligi 217 kilometr, havzasining maydoni 7110 kilometr kvadrat. Talas Olatovining Janubiy g’arbiy yon bag’ridan Qoraqulja nomi bilan boshlanadi. Qoraqasmoq irmog’i qo’shilgach, Chatqol nomini oladi. Chorvoq suv omboriga quyiladi. Boshlanish qismida Chatqol chuqur va tor darada oqadi; Qorataka irmog’i quyilgan joydan boshlab daryo vodiysi keskin kengayadi. Quyi qismida Chatqol bir necha terrasalari bo’lgan keng vodiyda chuqur o’zanda oqadi. Chatqol vodiysining yon bag’irlari ko’p joylarda tik va baland tog’yon bag’irlaridan iborat, kalta irmoklar, jarliklar bilan parchalangan. Vodiysi keng joylarda yon bag’irlari yotiqroq, balandligi 8— 40 metr bo’lgan terrasalar hosil qilgan. Eni 200-300 metrli qayirlarda daryo o’zani bir necha mayda tarmoqlarga ajralib ketadi. Daryo havzasi baland tog’larda joylashgan (o’rtacha balandligi 2605 metr). Umumiy maydoni 51 kilometr kvadrat bo’lgan 119 kichik muzlik bor. Daryo qor va muzlik suvlaridan to’yinadi. Chatqolning o’rtacha yillik suv sarfi ters daryosining quyilish joyida 67 m3/sek., Nazayto’qay qishlog’i yonida 85 m3/sekund, suv omboriga quyilish yerida 126 m3/sek., 1932-74 yillardagi kuzatish ma’lumotlariga ko’ra, daryoning quyilish qismida eng ko’p suv sarfi 920 m3/sek., eng kam suv sarfi esa 7,0 m3/sek. bo’lgan. Chatqol daryosida mart oyidan suv ko’payadi, yanvar — fevralda kamayadi. O’rta hisobda yillik suv mikdorining 55% mart— iyunda, 30% iyul—sentabrda va 15% oktabr— fevral oylarida oqib o’tadi. Daryo suvi uncha loyqa emas (o’rta hisobda 460 g/m3). Daryo suvi tez oqqanligidan muzlamaydi. Lekin, shovush oqishi va qirg’oq muzlashi mumkin. Chatqol suvidan ekin maydonlarini sug’orishda foydalaniladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz