CHATISHTIRISH



CHATISHTIRISH – urug’lanish jarayonida irsiy jihatdan bir-biriga o’xshamaydigan ikkita jinsiy hujayra (gameta)ning tabiiy yoki sun’iy qo’shilishi. Chatishtirish natijasida paydo bo’lgan nasl gen bo’yicha geterozigotali holatda turadi. Uning bir-biriga o’xshash bo’lmagan otaona gametalari bilan turli allellari duragay murtakka (zigotaga) o’tgan bo’ladi. Duragay organizm otaonasining belgi va xususiyatlariga ega bo’lish bilan birga, otaonasining jinsiy hujayralari orqali ularga o’tgan irsiy imkoniyatlarning muayyan juftlashishi, rivojlanishi va namoyon bo’lishi kabi xususiyatlarga ham ega bo’ladi. Tanlash, odatda, duragaylarning ikkinchi bo’g’inida o’tkazilib, ko’pincha beshinchi oltinchi bo’g’inlargacha, gomozigotali nusxalar olingungacha takrorlanadi. Duragayda otaonadan birortasining belgi xususiyatlarini kuchaytirish uchun takroriy (bekkross) Chatishtirish (avlodni ota yoki ona shakli bilan qayta Chatishtirish) o’tkaziladi. O’simliklar amaliy selektsiyasida oddiy va murakkab Chatishtirish qo’llaniladi. Ikkita ona-ona shakllari o’rtasida bir marotaba o’tkazilgan chatishtirish oddiy Chatishtirishga kiradi. Chatishtirishga birin-ketin ikkitadan ortiq otaona shakllari jalb etilsa, murakkab Chatishtirish hisoblanadi. Chorvachilikda mollarning nael sifatini oshirish hamda yangi sermahsul zotlarni yaratishda Chatishtirishning: a) qon quyish; b) qon singdirish; v) zavod chatishtirishi; g) sanoat chatishtirishi; D) navbatli chatishtirish usullari qo’llaniladi. O’zbekiston chorvachiligida mahalliy qoramollarni shvis zoti bilan Chatishtirishning qon singdirish usulida qo’ngir tusli qoramol podalari shakllashirilgan. Chatishtirishning murakkab zavod usulida Bushuev zoti yaratilgan. Chatishtirishning qon quyish usulida respublikada rayonlashtirilgan barcha zotlar “yaxshilovchi” zotlar bilan takomillashtirilmoqda. Chatishtirishning sanoat usuli sut yo’nalishidagi qoraola va qizil cho’l zotlari, go’sht yo’nalishidagi gereford, aberdinangus, sharole, Kian, santagertruda va boshqa zotlar bilan juftlashtirishda qo’llanilib, tez yetiluvchan va serpusht bo’lgan birinchi chatishma avlodlari olingan. Duragay va chatishmalar o’simlik hamda hayvonlarning xo’jalik jihatidan foydali belgilari bo’yicha tanlash, saralash, yangi zotlar va navlar yetishtirish uchun dastlabki material bo’ladi. Bahodir Normatov, Ubaydulla Nosirov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz