Charxpalak




Charxpalak — 1) suv sugʻoriladigan yerga nisbatan ancha pastda oqadigan ariq va anhorlardan suvni yuqoriga koʻtarib beradigan inshoot; aylanasi boʻylab choʻmichlar oʻrnatib qoʻyiladigan parrakli katta gʻildirak. Gʻildirak diametrining oʻlchami anhor yoki ariqning kattakichikligiga, oqayotgan suvning koʻp yoki kamligiga qarab olinadi. Choʻmichlar soni gʻildirakning diametriga bogʻliq. Oqib turadigan suv gʻildirak parraklari (kuraklari)ga taʼsir qilib, gʻildirakni aylantiradi, shunda choʻmichlar suvga toʻladi. Gʻildirak ogʻishi bilan choʻmichdagi suv novga quyiladi, novdan ariqcha orqali kerakli joyga oqadi. Charxpalak qadimgi suv inshootlaridan biri hisoblanadi. Dastlabki charxpalaklar miloddan avvalgi 4—3 ming yilliqda paydo boʻlgan. Qadimda Oʻzbekiston hududida ham charxpalak asosiy suv chiqarish vositasi hisoblangan. 19-asrda nasoslar paydo boʻlgach, charxpalaklarga boʻlgan ehtiyoj kamaydi, lekin ayrim joylarda hozir ham foydalaniladi; 2) madaniyatistirohat bogʻlari va bolalar maydonlariga oʻrnatiladigan koʻngilochar inshoot. Aylanasi boʻylab qoʻzgʻaluvchan qilib oʻrindiqlar osib qoʻyiladigan katta diametrli gʻildirak. Bunday charxpalakni elektr dvigatel harakatlantiradi.


uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz