CHARX



CHARX — 1) qo’lda ip yigirishda foydalaniladigan qadimgi asbob. Unda, asosan, paxta, jun va boshqa tolalar yigiriladi. Ko’rinishi dasta bilan aylantiriladigan g’ildirak (baraban) shaklida bo’ladi. O’rta Osiyoda paxta ekib, ip yigirish milod boshidayoq ma’lum bo’lgan. Paxta va jun tolasidan ip yigirish uchun oldin urchuq, keyin uni takomillashtirib, Charx yasalgan. 18-asrda mashinada ip yigirishga o’tilgach, Charxga ehtiyoj kamaygan, lekin ayrim chekka joylarda undan hali ham foydalaniladi; 2) qaychi, pichoq, tesha, ketmon, o’roq va boshqa kesuvchi asboblarni o’tkirlash (charxlash) uchun ishlatiladigan asbob. Dastaki va elektr Charxlar bor. Dastaki Charx doirasini charxchi oyoqsa tepkiga bosib aylantiradi. Hunarmandlar (masalan, degrezlar, misgarlar, kulollar) chuyan buyumlar qolipi yasaladigan, mis va sopol buyumlar sirti silliqlanadigan asboblarni ham Charx deb atashadi; 3) ayrim asboblar va qurilmalarning aylanadigan qismi. Masalan, charxlash stanogining abraziv (jilvir) doirasi Charx hisoblanadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz