CHAQILIKALON



CHAQILIKALON — Zarafshon tizmasining g’arbiy qismidagi tog’ tizmasi. Sharqda Zarafshon daryosining chap irmog’i (Mag’iyondaryo)dan boshlanib, g’arbga Taxtaqoracha dovonigacha taxminan 70-75 kilometrga cho’zilgan. Eni 15-20 kilometr. Balandligi 2000-2500 metr. Eng baland joyi uning Sharqiy qismida (2936 metr), g’arbida esa 2388 metrdan oshmaydi. Chaqilikalon assimetrik tuzilishga ega. Shimol yon bag’ri tik, qoyali. Suvayirg’ich qismida platosimon yuzalar uchraydi. G’arbiy chekkasining suvayirg’ich qismida Qirqgog’platosi mavjud. Chaqilikalon gersin burmalanishi davrida shakllangan. Mezozoyda ko’tarilgan tog’lar emirilgan. Hozirgi ko’rinishi yangi tektonik harakatlar natijasida vujudga kelgan. Tektonik jihatdan antiklinoriy struktura. Tizma, asosan, silur va devon davri cho’kindi tog’ jinslari (ohaktosh va dolomitlar) dan tashkil topgan. Chaqilikalon iqlimi qurg’oqchil. Yozi ancha iliq, qishi sovuq. O’rtacha yillik temperatira 12,0°— 12,3°. Yillik yog’in 800 millimetr (Omonqo’tonda), tog’ yon bag’irlarida 550 millimetrdan oshmaydi. Chaqilikalondan boshlanadigan daryolar (Qorasuv, Urgutsoy, Kamongaron, Omonqo’tonsoy va boshqalar) Zarafshon va Qashqadaryo daryolari havzasiga mansub. Chaqilikalon tizmasi hududida, asosan, jigarrang tuproqlar tarqalgan, tog’oldi qismlarida bo’z tuproqlar uchraydi. Tizma hududi adir va tog’ o’simliklari mintaqasiga kiradi. Mezokserofil va efemer o’simliklar o’sadi. Tizmaning shimol yon bag’rida yong’oq, yovvoyi olcha va boshqa daraxtlardan tashkil topgan o’rmonlar mavjud. Chaqilikalonda ko’plab karst relef shakllari (karrlar, karst voronkalari, botiqlari, quduqlar, shaxtalar, g’orlar) vujudga kelgan. Chaqilikalonning Qirqtog’platosida Kiyev temperaturi bor.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz