Chaqar masjidi




Chaqar masjidi  — Margʻilondagi meʼmoriy yodgorlik (1911); xonaqoh, ayvon va xoʻjalik binolaridan iborat boʻlgan. Bizgacha binoning ayvon qismi saqlangan. Ayvonning uch tomoni yopiq, shifti toʻsinlar yordamida toʻgʻri toʻrtburchaklarga boʻlinib, ularning har biriga gullar solingan guldonlar ishlangan, rangbarang naqshlar bilan serhasham bezatilgan.

Chaqar „xizmatkor, kambag‘al, yo‘qsil“ degan maʼnoni bildiradi. Qadimda kambag‘allar yashaydigan joylar shunday deb atalgan. „Chaqar“ so‘zi toponim sifatida raspublikamizning ko‘pgina joylarida uchraydi. Jumladan Samarqand viloyatining Narpay tumanida, Qoraqalpogʻistondagi Amudaryo tumani hududlarida „Chaqar“ nomli qishloqlar bor. Toshkent shahrida bir mahalla „Chaqar“, deb ataladi.

„Chaqar“ masjidi — XX asr boshida Marg‘ilonning yirik sarmoyadorlaridan biri Sayyid Ahmadxonxo‘janing kuyovi Sayyid Jalolxon to‘ra tomonidan eski nuragan masjid o‘rniga qurilgan. Hajmi jihatidan uncha katta emas, nomutanosib ko‘rinishga ega.

Binoning faqat ayvon qismi saqlanib qolgan. O‘z vaqtida bu qism sharqqa qaragan uch tomoni yopiq, to‘sinli va ustunli ayvonning bir qismi bo‘lgan. Qishki xona va xo‘jalik binolari buzilib ketgan.

Shiftlarning eng yuqori qismining o‘rta oralig‘iga „hovuz“ yasalib, girih uslubida naqsh solingan. Masjid shiftlariga ko‘k, yashil va pushti tusdagi yozuvlar bilan bezak berilgan. Ayvonning baland jimjima karniziga qizil gulli sebargalar tasviri tushirilgan.

To‘sinlardan birida bino qurilgan sana hijriy 1329-yil (1911-yil) va xo‘jandlik meʼmorlar To‘xtabek va Mirbobo hoji ismlari qayd qilingan.
Shiftlarg ishlatilgan bo‘yoq va bezak kompozitsiyalarining uyg‘unlashgan holati Farg‘ona xalq ustalari amaliy sanʼatining ajoyib namunasidir.

Hozirda ushbu inshootda „Sayyid Jalolxon to‘ra“ rasmiy masjidi faoliyat ko‘rsatmoqda.
„Chaqar“ Said Jalolxon toʻra masjidi Fargʻona viloyati Margʻilon shahar Oxunboboyev MFY hududidagi Abdug‘ofurov nomli ko‘chasi 37-uyda joylashgan. Jome masjidi sifatida faoliyat olib olib bormoqda. Masjid imom xatibi — Yunusxon Mamarasulov (2023-yil iyun holatiga koʻra).

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz