Chaqar masjidi .
Chaqar masjidi — Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri Chaqar MFYda joylashgan meʼmoriy yodgorlik. Masjid Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining „Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“ 2018-yil 19-dekabrdagi PQ-4068-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston moddiy va madaniy merosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan — davlat muhofazasiga olingan.
Tarixi
Chaqar masjidi Qarshi shahrining Eski shahar qismida joylashgan boʻlib. Masjid XVIII asrda barpo etilgan boʻlib hozirgi kunda vayrona ahvolga kelib qolgan va Chaqar mahallasining homiyligida turadi. Chaqar masjidi va Sharifboy madrasasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida“gi 846-sonli qarori bilan milliy roʻyxatga kiritilgan edi. Biroq Sharifboy madrasasi va Chaqar masjidida taʼmirlash va restavratsiya ishlari olib borilmaganligi sababli 2022-yil Ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy muhokamalarga sabab boʻldi. Unga koʻra madrasa ahvoli avariya holatiga kelib qolgandi.
Meʼmorchiligi
Masjidga ayvondan eshiklar orqali ichkariga kirilgan. Devorlari naqshsiz, ganj bilan suvalgan boʻlib mehrob qismida marmarga oʻyilgan naqshni koʻrish mumkin. Binoning asosiy oʻrta qismida o‘ymakor ustunlar shift yogʻochlarini koʻtarib turadi, tag himoya qismi marmardan qilingan. Masjidning tashqi qismi ayvon uslubida qurilgan, ustunlar ayvonlarni koʻtarib turadi. Masjid yogʻoch ustunlariga mahorat bilan gul tasvirlari, turli xil shakllari oʻyilgan. Bunday anʼanaviylikni Buxoro meʼmorchiligida ham koʻrish mumkin.
Galeriya
Adabiyotlar
Poyon Ravshanov. Qarshi tarixi, Yangi asr avlodi nashriyoti, Toshkent, 2006 — 647 bet. ISBN 5-633-01899-0.
Jumanazar A. K.. Nasaf, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, Toshkent, 2007 — 204 bet.
Manbalar
uz.wikipedia.org