CHAPLIN (CHAPLIN) CHARLZ SPENSER



CHAPLIN (CHAPLIN) CHARLZ SPENSER (1889.16.4, London 1977.25.12, Shveytsariya) — amerikalik aktyor, rejissyor, stsenariychi, prodyuser. Faoliyatini 1897 yil myuzikxoll sahnalarida chiqishdan boshlagan. 1907-12 yillar F. Karno pantomima teatrida ishladi. 1913 yil AQShga qilgan gastroli paytida “Kistoun” kinokompaniyasi bilan kontrakt tuzadi va M. Sennet rahbarligida filmlarda suratga tusha boshlaydi. O’sha paytdagi mashhur amerikalik aktyor M. Linderning unga ta’siri kuchli bo’lgan. “Baxtiyor Charli” filmidagi firibgar olifta roli uning ekranda yaratgan ilk obrazidir. Keyinchalik boshqa studiyalar filmlarida ham suratga tushib, mashhur bo’la boshlaydi. 1914 yil davomida “Kistoun”da 34 filmda o’ynab Amerika kinosining eng iste’dodli va yorqin komik aktyoriga aylandi. 1915-17 yillar “Yesseney”, “Myuchuel” firmalarida stsenariychi, rejissyor, aktyor sifatida faoliyat ko’rsatib, pantomima san’atini komik kuch bilan uygunlashtira olishda eng yuqori cho’qqilarga ko’tarilgan jahonning eng mashhur san’atkori sifatida tanildi. 1923 yil “Charlz S. Chaplin film korporeyshen” nomli shaxsiy kinofirmasini tashkil etdi. Shu yildan boshlab Chaplin rejissyor muallif sifatida qisqa yoki o’rta metrajli filmlardan to’lametrajli filmlar ishlashga o’tadi. Birinchi yirik katta filmlaridan “parijlik ayol” psixologik dramasi bo’ldi. “Daydi”, “Bank”, “Yollangan”, “Tinch ko’cha”, “Xorijlik” va boshqalar uning dastlabki filmlaridan namunalar. “It yotish, Mirza turish”, “Yelkaga”, “Quyoshli tomon”, “Kichkintoy” singari filmlarida Chaplin mahoratining yangi qirralari ochildi. “Oltin jazavasi”, “Tsirk”, “Katta shahar chiroklari”, “Buyuk diktator”, “Mese Verdu”, “Rampa yorug’i” (1952, “Oskar” mukofoti, san’at cho’qqisiga ko’tarilgan filmlardan) filmlari Chaplin ijodining durdonalaridir. 1953 yildan Shveytsariyada yashagan. 1957 yil Buyuk Britaniyada “Qirol NyuYorkda” (o’zi bosh rol ijrochisi) filmini ekranlashtirdi. “Gonkonglik grafinya” (1967) Chaplinning so’nggi ishi. Chaplin ijodkor sifatida san’atga “insonni hayot bilan bog’lab turuvchi eng buyuk kuch” deb qaragan. O’zining klounlik niqobini oddiy insonlar takdiri, xavotirini ifodalovchi, katta kuchlarni birlashtirib turuvchi inson obraziga aylantira oldi. 1928 va 1972 yillar maxsus “Oskar” mukofotiga sazovor bo’lgan. Xalqaro tinchlik mukofoti laureati (1954). Jo’ra Teshaboyev.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz