CHANOQ, TOS



CHANOQ, TOS — gavda skeletining pastki qismi. Chanoq odamda oyoqlarni, sut emizuvchilarda esa orqa oyoqlarni, tanaga birlashtiradi. Chanoq umurtqa pog’onasi va tananing yuqori qismi uchun tayanch vazifasini bajaradi; Chanoq o’ng va chap Nomsiz Chanoq suyaklari hamda dumg’aza va dum suyaklaridan hosil bo’ladi. Chanoq suyaklari birbiriga oldidan qov simfiziga o’xshab, orqadan esa juft dumg’azayonbosh bo’gimlari ko’rinishida dumg’azaga birlashadi. Har bir Nomsiz suyaklar (o’sish davri oxirida qo’shilib ketadi) yonbosh, quymuch va qov suyaklaridan tashkil topadi. Ular birlashish joyining tashqi tomonida quymuch kosasi joylashadi. Chanoq tuzilishining jinsiy xususiyatlari bor. Ayollarda Chanoq erkaklarnikiga nisbatan bir qadar keng va kalta bo’ladi. Katta va kichik Chanoq bor. Katta Chanoq oldidan qorin old devori yumshoq to’qimalari bilan, orqadan umurtqa pog’onasi, yondan yonbosh suyak qanotlari bilan, kichik Chanoq oldidan qov suyaklari, orqadan dumg’aza va dum suyagi, yondan quymuch suyagi va yumshoq to’qimalar bilan o’ralgan. Katta Chanoqda qorin bo’shlig’i pastki qismidagi a’zolar, kichik Chanoqda to’g’ri ichak, qovuq, erkaklarda prostata bezi va urug’pufaklari, ayollarda bachadon va uning ortiqlari hamda qin joylashgan. Chanoq suyaklarida orqa tomondan orqa va umurtqa pog’onasi muskullari, oldidan qorin muskullari birlashadi. Oyoq muskullari ham Chanoqdan boshlanadi. Dumbaning katta muskuli Chanoq sohasidagi eng katta muskul hisoblanadi. Yonboshning ichki juft arteriyalari Chanoq devori va undagi ichki a’zolarni qon bilan ta’minlaydi; dumg’aza nervi chigallarining shoxchalari innervasiya qiladi. Chanoq sinishi Chanoqning xavfli shikastlaridan hisoblanadi. Chanoq chiqishi kam uchraydi; lekin bolalarda Chanoq shikastlanishi natijasida boylamlar uzilishi, chanokson bo’g’imi chiqishi ko’proq kuzatiladi. Tug’ruq vaqtida ba’zan Chanoqning qov birikmasi uzilishi mumkin. Quymuch kosasi singanda ko’pincha son chiqadi. Chanoq kasalliklariga qon orqali tarqaladigan (gematogen) osteomielit (bunda, odatda, yonbosh suyagi qanotlari va dumg’aza zararlanadi), brusellyoz va revmatoid artritsa dumg’azayonbosh bo’g’imining zararlanishi va boshqalar kiradi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz