CHANGSO’RGICH



CHANGSO’RGICH — xonalarni yig’ishtirish, mebel, kiyim-kechak, gilam va qalin pardalarni changdan tozalash uchun mo’ljallangan havo so’ruvchi qurilma. Devorlarni bo’yash, yogoch va metall sirtlariga bo’yoq purkash, havoni namlash, o’simliklarga dori sepishda ham Changso’rgichdan foydalanish mumkin. Asosiy qismlari — metall yoki plastmassa korpus, kollektorli dvigatel va markazdan qochma ventilyator. Uzaytirib-qisqartirsa bo’ladigan (gofrirlangan) shlang va turli-tuman uchliklar bilan butlanadi. Changso’rgichning polda turadigan, dastaki va orqaga osib yuriladigan, cho’tkasimon turlari bor. Ishlash tarziga ko’ra, to’g’ri oqimli tsilindrik, uyurmali (kanistrli) va boshqa xillari bor. Gilamlarni yuvish, Pol yuvish va yaltiratish, mebelni yaltiratish, avtomobillarni tozalash uchun mo’ljallangan moslamali Changso’rgich ham bo’ladi. Changso’rgich iste’mol qiladigan elektr toki quvvati — 150-800 Vt.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz