Changlanish nima?
Gul gulli (urug’li) o’simliklarning ko’payish organidir. Boshqacha aytganda, gul o’simliklarda gulchang yoki urug’ va yoxud ikkalasini ham birgalikda hosil qiladi. Gulning asosiy qismi onaliklar va otaliklardir. Ko’pgina gullarda (hammasida emas) markazda joylashgan (bitta yoki bir nechta) onalik va uni har tomondan o’rab turgan otaliklar bo’ladi.
Onalikning quyi qismidagi yo’g’on joyda urug’ kurtak deb atalgan mayda tanachalar bo’ladi. Ularning har biri sharoit qulay bo’lgan vaziyatda urug’ga aylanishi mumkin. Urug’ kurtakning eng muhim qismi mayda tuxumhujayradir. Tuxumhujayralar shu qadar maydaki, ularni faqat mikroskop yordamida ko’rish mumkin. Har bir otalikning tubida gulchang to’la qopcha bor. Ko’payish davri kelganda, bu qopchalar ochilib, sariй rangdagi va mayda kukun holidagi gulchanglar atrofga tarqaladi.
Urug’ hosil bo’lishi uchun gulchanglar qaysidir yo’l bilan onalikka tushishi kerak. Gulchangning otalikdan onalikka ko’chish jarayoni, u qanday ro’y berishidan qat’i nazar, changlanish deb ataladi. Bir qancha changlanish usullari bor. Bu usullarning eng oddiysi gulchangning o’z-o’zidan onalikka tushishidir. Bunday usul o’z-o’zidan changlanish deb ataladi. Ammo bu jarayonda ko’pincha shamol va hasharotlar ishtirok etadi. Ko’pgina o’t-o’lanlar (nafaqat oddiy piyozli o’tlar, qolaversa, bug’doy va boshqa boshoqli ekinlar ham) shamol yordamida changlanadi. Bu jarayon juda oson kechadi. Shamol o’simlikni tebratishi natijasida otalikdan gulchanglarni to’kib, butun dala yoki o’tloqqa yoyadi. Uning bir qismi onalikda o’rnashib qoladi va tuxumhujayralar urug’lanishi oqibatida, urug’ paydo bo’ladi. Gullar ko’pincha hasharotlar yordamida changlanadi. Odatda, bu hol yorqin rangi va o’tkir hidi bilan hasharotlarni o’ziga jalb etadigan gullarda sodir bo’ladi. Ular asal uchun nektar izlab, gullarga qo’nadi. Gulchang esa hasharotlar uchun ozuqa vazifasini ham o’taydi. O’sha payt gulchangning bir qismi ularning tanasi va qanotlariga ilashib qoladi, so’ngra asalari, kapalak yoki tukli ari keyingi gulga uchib o’tganida, o’sha changni o’zlari bilmagan holda uning onaligiga qoqib tushiradi.
Manba
Mo’jiza kitobning 1-jildi
Uzpedia.uz