CHANG



CHANG — 1) qadimgi va O’rta asr Sharq (Ossuriya, Misr, Shim. Hindiston, Eron, Markaziy Osiyo) madaniyatida qo’llanilgan torli tirnama musiqiy soz. Burchakli yoki yoysimon shaklda bo’lib, unga 13 va undan ortiq torlar o’rnatilgan. Hozirgi O’zbekiston va Tojikiston hududida taxminan 17-asrgacha qo’llanilgan. O’rta asrlarda noqus Changiy, Mavlono Mirek Changiy Buxoriy, Xoja bobo Changiy, Hofiz Changiy, Darvishali Changiy va boshqa Chang ijrochilari tanilgan. Gruzinlarda changi, abxazlarda ayume va hokazolar deb ham yuritiladi; 2) o’zbek, tojik, uyg’ur xalklari torliurma musiqa cholg’u asbobi. O’zbekistonda keng ishlatiladigan hozirgi turi trapesiya shakldagi tovushxonaga ega. Sim torlari 2 xarak vositasida 2 guruhga bo’linadi: o’ng xarak ustidan o’tkazilgan simlar past registrda, chap xarak ustidan o’tkazilganlari 1 va 1,5 oktava yuqori registrlarda ovoz chiqaradi. Umumiy diapazoni 2,5 oktava. Bambukdan ishlangan ikki cho’p yordamida urib chalinadi. 1930 yillarda yangi (xromatik tovushqatorga ega) turlari yaratildi (prima, tenor, bas). Jarangdor tembr, keng dinamik va texnik imkoniyatlari tufayli turli ansambl, xalq cholg’ulari orkestri tarkibida hamda yakkanavoz cholg’u sifatida keng tarqalgan. O’zbekistonda Chang ijrochilaridan Matyusuf va Fozil Xarratovlar, R. Isaboyev, Faxr. Sodiqov, B. Aliev, T. Xo’jamberdiyev, T. Mahmudov, A. Odilov, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar T. Otaboyev, F. Shukurova, T. Sobirov va boshqaar tanilgan. Jasur Rasultoyev.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz