CHANDRAGUPTA
CHANDRAGUPTA — qadimgi Hindistondagi Magadha davlati podshosi, Mauriyalar sulolasi asoschisi (miloddan avvalgi 317-293). Yoshligida Nandlar (Magadha podsholari) saroyida xizmat qilgan, keyinchalik ular bilan taxtga egalik qilish uchun kurash boshlagan, mag’lubiyatga uchrab mamlakatning shimoli g’arbiga ketgan. U yerda Hindistonga bostirib kirgan Iskandar (Aleksandr) qo’shiniga qo’shilgan va uni nandlarga qarshi gijgijlagan. Aleksandr Hindistondan ketgach, Chandragupta yunon-makedoniyaliklarni mamlakatdan butunlay quvib chiqarish uchun boshlangan kurashga rahbarlik qilgan. Bunda ancha yutuqlarga erishgan Chandragupta Magadha uchun kurashni qayta boshlagan, Dxan Nanduni taxtdan ag’darib hokimiyatni qo’lga olgan. Shimoliy Hindistonni tobe etib Mauriyalar imperiyasiga asos solgan. Miloddan avvalgi 305 yil Salavk I Nikator bosqinini qaytargan, u bilan tuzilgan sulhga ko’ra, Chandragupta 500 ta fil evaziga Hind daryosi g’arbidagi katta hudud (hozirgi Balujiston va Afg’onistonning bir qismi)ni olgan va Salavkning qiziga uylangan. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, Chandragupta miloddan avvalgi 293 yil jaynizmni kabul kilib, toju taxtdan voz kechib rohiblikka ketgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz