Cham Wings Airlines




Cham Wings Airlines (arabcha: أجنحة الشام للطيران, avvalgi Sham (Shom) Wing Airlines) Suriyaning xususiy aviakompaniyasi boʻlib, bosh ofisi Damashq shahrida joylashgan. Kompaniyaning shiori – Fly Beyond The Limits (oʻzbekcha: Cheklovlardan tashqariga uching).

Tarixi



Cham Wings Airlines 2006-yil 9-iyulda Suriyadagi birinchi xususiy aviakompaniya sifatida suriyalik tadbirkor Issam Shammout tomonidan tashkil etilgan. Aviakompaniyaning asosiy markazi Damashq xalqaro aeroporti hisoblanadi. Kompaniya 2007-yil 23-sentyabrda Suriya fuqaro aviatsiyasi maʼmuriyati (SCAA) tomonidan berilgan Samolyot operatorlari sertifikatini (AOC) rasman oldi. Garchi sertifikatni Suriyaning asosiy milliy aviatashuvchisi „Syrian Air“ dan keyin ikkinchi boʻlib olgan boʻlsa-da, bu sertifikat kompaniyaga faqat muntazam boʻlmagan charter reyslarini amalga oshirishga ruxsat bergan.

Kompaniya bitta MD samolyotini ijaraga oldi va 2008-yil 3-martda Damashqdan Bagʻdod xalqaro aeroportiga birinchi parvozini boshladi.

2008-yilda bozorga „Syrian Pearl Airlines“ nomi ostida yangi aviakompaniya kirib keladi. Ushbu aviakompaniya Cham Holding (Rami Maxluf asosiy aksiyadori) (69%), Syrianair (25%), Aqeeq Aviation/Aquila Holding, (Aqeeq va Al Deshtei Quvaytiy) (6%) tomonidan egalik qilinadi. Syrian Air maʼqullamagan yoʻnalishlarda charter reyslarni amalga oshirishda qiynalgan Cham Wingsdan farqli oʻlaroq, Syrian Pearl mamlakatning flagman aviakompaniyasi bilan hamkorlik orqali muntazam reyslarni amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻladi. Syrian Pearl oʻz faoliyatini hech qachon boshlamagan boʻlsa-da, Cham Wings faqat charter reyslar orqali foyda koʻra olmadi. 2012-yilda Suriyadagi tartibsizliklar ortidan kompaniya oʻz faoliyatini toʻxtatgan edi.

2014-yilda Cham Wings Airlines muntazam reyslarni amalga oshirishga ruxsat oldi va Suriyadagi ikkinchi milliy aviatashuvchiga aylandi. Keyin u Bayrut, Quvayt, Bagʻdod va Qamishli kabi yoʻnalishlarga xizmat koʻrsatish uchun oʻz faoliyatini qayta boshladi.

2016-yilda Suriya hukumatini qoʻllab-quvvatlagani uchun AQSh sanksiyalariga kiritiladi.

2018-yilda Cham Wings Germaniyadagi suriyalik qochqinlarni Myunxendan Damashqqa va ortga olib oʻtishini eʼlon qildi, bu esa ularning qochqin maqomini yoʻqotishiga olib kelishi mumkin.

2021-yil iyun oyida Ukraina Qrimga parvozlar tufayli aviakompaniyani qora roʻyxatga kiritdi.

2021-yilda davom etayotgan Belarus-Yevropa Ittifoqi chegara inqirozi tufayli Cham Wings Airlines oddiy sayohatchilar va noqonuniy muhojirlarni ajrata olmasligi vaji bilan 2021-yil noyabr oyida Damashqdan Minskka qisqa muddatda reyslarini toʻxtatdi. 2021-yil dekabrida Yevropa Ittifoqi Cham Wings Airlines aviakompaniyasini muhojirlarni Belarus-Polsha chegarasiga olib oʻtishda va inqirozni yanada kuchaytirganlikda ayblab, sanksiya kiritdi. Shveysariya 20-dekabrda Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga qoʻshildi. Ushbu ayblov natijasida joriy etilgan Yevropa Ittifoqi sanksiyalari 2022-yil 19-iyulda bekor qilindi.

Egaligi



Cham Wings Airlines 100% suriyalik tadbirkor Issam Shammoutga tegishli. Aviakompaniya tadbirkorning avtomobilsozlik, poʻlat ishlab chiqarish va yuk tashish sohalarida faoliyat yurituvchi Shammout Groups oilaviy biznesi tarkibiga kiradi.

Parvoz manzillari



Cham Wings quyidagi yoʻnalishlarga parvoz qiladi (2023-yil 1-iyun holatiga koʻra):

Aviaparki




Cham Wings Airlines aviaparki quyidagi samolyotlardan iborat (2022-yil iyun holatiga koʻra):

Homiylik faoliyati



2021-yildan boshlab aviakompaniya Suriya milliy basketbol jamoasining rasmiy homiysiga aylandi.

Manbalar




Havolalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz