CHALOV



CHALOV (Stipa) — g’alladoshlarga mansub ko’p yillik, ba’zan bir yillik o’tsimon o’simliklar turkumi. Mo’tadil va subtropik mintaqalarda, qisman tropik tog’larda 300 ga yaqin turi ma’lum. O’zbekiston tog’larida va tog’yon bag’irlarida 13 turi, jumladan, tukli Chalov (S. capillata), Kavkaz Chalovi (S. caucasia Schmalh.), Sovich Chalovi (S. szovitsiana Trin. ex Hohena.) va boshqalar uchraydi. Ko’pchilik turlari cho’l, dasht, preriyalar o’t o’simliklar qoplamining asosiy qismini tashkil etadi. Shag’alli va Toshloq yerlarda ham o’sadi. Barglari kambar, uzun, chiziqsimon, qiltiqli. Boshoqlari bir gulli. Hamma turining xashagi sifati o’rtacha. Chorva mollari ularni bahorda (maisa holatida) xush ko’rib yeydi. Ba’zi turlari qog’oz sanoati uchun xom ashyo.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz