Chaldiron jangi
Chaldiron jangi (turkcha: Çaldıran Savaşı; 1514-yil 23-avgust) — Usmonlilarning Safaviylar ustidan qozongan hal qiluvchi gʻalabasi bilan yakunlangan jang. Jang natijasida Usmonlilar Sharqiy Onadoʻli va Shimoliy Iroq hududlarini Safaviylardan tortib olishgan. Gʻalaba Sharqiy Onadoʻliga (Gʻarbiy Armaniston) dastlabki Usmonlilar bosqinining boshlanishi boʻlgan. Shuningdek, ushbu jang natijasida Safaviylarning gʻarbga tomon bosqini toʻxtatilgan. Chaldiron jangi 41 yillik halokatli urushning boshlanishi edi. U 1555-yilda Amasiya shartnomasi bilan yakunlangan. Mesopotamiya va Sharqiy Onadoʻli (Gʻarbiy Armaniston) Shoh Abbos I (1588—1629) davrida Safaviylar tomonidan qayta bosib olingan boʻlsada, 1639-yilgi Zuhob sulhiga koʻra, Usmonlilar qoʻliga butunlay oʻtgan.
Usmonlilar jang maydonida 60000—100000 kishilik yaxshi qurollangan armiya hamda koʻplab ogʻir artilleriya qurollariga ega boʻlsa, Safaviylar qoʻshini 40000—80000 kishini tashkil etgan va shu bilan birga ularning ixtiyorida ogʻir artilleriya boʻlmagan. Safaviylar hukmdori Ismoil I jangda yaralanib, asirga tushishiga sal qolgan. Uning zavjalari Usmonli hukmdori Salim I tomonidan asirga olingan. Bir nafari Salimning davlat arboblaridan biriga xotinlikka berilgan. Ismoil bu magʻlubiyatdan keyin hukumat boshqaruvini tark etadi va boshqa hech qachon harbiy yurishlarda qatnashmadi. Gʻalabadan soʻng Usmonlilar Safaviylarga qarshi harbiy yurish maydonini kengaytirgan. Safaviylar poytaxti Tabrizni qisqa muddat bosib olishgan. Davlat xazinasini butunlay talon-toroj qilishgan.
Tarixi
Ilgari Sulton Salim I bir necha bor Safaviylarga qarshi kurashgan. 1505-yilda Shoh Ismoilning akasi boshchiligidagi Safaviylar qoʻshinini magʻlub etib, mamlakat hududidan quvib chiqargan, koʻplarini qirgʻin qilgan. 1507-yilda Arzinjon jangida Shoh Ismoil Usmonlilar yerlari boʻylab Dulqodiriylarga hujum boshlagandan soʻng,Sulton Salim Arzinjonga yurish qilib, Shoh Ismoil tomonidan unga qarshi yuborilgan Safaviylar qoʻshinini magʻlub etdi. U 1510-yil Trabzon yurishida Safaviylarga qarshi yana bir bor kurash olib borib, Shoh Ismoilning akasi ustidan gʻalaba qozonadi.
Salim I Usmonli imperiyasi taxti uchun akalariga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borgan. Taxtni egallagandan soʻng oʻz eʼtiborini unga qarshi Usmonli sulolasining boshqa aʼzolari tomonidan gijgijlangan qizilboshlilar qoʻzgʻatgan ichki tartibsizliklarga qaratadi. Sulton Salim Ismoil va qizilboshlarni „kofirlar va bidʼatchilar“, deya hisoblovchi fiqhiy fikrga ega boʻlgan, shuningdek, shoh Ismoilni dindan chiqishda ayblagan.
Muhammad alayhissalomning solih ummatini oʻz makkor irodangga boʻysundirding va iymonning mustahkam poydevoriga putur yetkazding. Sizlar tajovuz yoʻlida zulm bayrogʻini koʻtardingiz. Endi esa Ilohiy Qonunning amr va taqiqlariga amal qilmayapsiz. Siz oʻzingizning jirkanch shia oqimingizni qonuniy boʻlmagan jinsiy birlashuvga va begunohlar qonini toʻkishga undayapsiz.
Salim yurishni boshlashidan oldin, Onadoʻlidagi 40000 ga yaqin Qizilboshlar „isyonkor xatti-harakatlari uchun jazo sifatida“ qatl qilishni buyurdi. Shuningdek, Usmonli Sultoni Eron ipagining oʻz davlatiga olib kirilishini taqiqladi.
Salim I tomonidan urush eʼlon qilish xat shaklida yuborilgan.
Men, buyuk Sulton, zulmda Zahhok va Afrosiyob kabi, soʻnggi Doro singari halokat ila yuzlashmoqqa mahkum fors qoʻshinlari bosh qoʻmondoni, Amir Ismoil senga yuzlanaman.
Salim I sharqqa yurishini boshlaganda, Safaviylar Buxoro xonligi tomonidan bosqinga uchraydi. Ikki frontda urushga kirmaslikka uringan Ismoil gʻarbda Salimga qarshi kuydirilgan yer taktikasini qoʻllaydi. Arman togʻlari orqali musulmonlarga qarshi yurishlari sababli sulton Salimdan oʻz qoʻshini ham norozi boʻladi. Hattoki, yanicharlar sultonning chodiriga yaqin kelib norozilik bildirishgan. Safaviylar qoʻshini Chaldironda toʻplanganidan xabar topgan Salim tezda Ismoil bilan jangga kirishadi.
Jang
Usmonlilar aravalar toʻsigʻi orqasida ogʻir artilleriya va porox qurollari bilan jihozlangan minglab yanichalarni joylashtirdilar. Chaldironda oʻgir artilleriyasi boʻlmagan Safaviylar Usmonli qoʻshinlari bilan jang qilish uchun otliqlardan foydalanishgan. Safaviylar markazda joylashgan Usmonli artilleriyasidan qochish uchun, dushman qoʻshinining qanot qismiga hujum qildilar. Biroq, Usmonlilar artilleriyasi oʻylangandan koʻra tezroq harakat qildi. Shu sabab oʻlaroq Safaviylar halokatli yoʻqotishlarga duch kelishdi. Usmonlilarning ilgʻor qurollari (yanicharlar qoʻllagan toʻp va mushketlar) jangning hal qiluvchi omili hisoblanadi. Chunki faqatgina anʼanaviy qurollar bilan taʼminlangan Safaviy qoʻshinlarining ancha qismi shu qurollar orqali yoʻq qilingan.
Natija
Usmonlilar ushbu gʻalabadan soʻng, 7-sentyabr kuni Safaviylarning poytaxti Tabrizni egallab oldilar hamda shaharni talon-toroj qildilar. Oʻsha haftaning juma namozi paytida butun shahardagi masjidlarda sulton Salim I nomi xutbaga qoʻshib oʻqilgan. Ammo, Salim I yanichalar oʻrtasidagi ziddiyatlar tufayli boshqa harbiy yurish qila olmadi. Usmonlilar imperiyasi Sharqiy Onadoʻlini (Gʻarbiy Armaniston) va Shimoliy Mesopotamiyani Safaviylardan tortib oldi. Biroq, keyingi oʻn yilliklar davomida bu hududlar hukmronlari bir necha marta almashgan.
Salim I tomonidan oʻlja sifatida qoʻlga olingan Ismoilning ikki xotini va butun harami sababli, Shoh Ismoil siqilib, mayxoʻrlikka ruju qoʻyadi, irodasi sinadi. Oʻziga boʻlgan ishonchning yoʻqolishi tufayli hukumat va harbiy ishlarda ishtirok etishni toʻxtatadi.
Salim I Shoh Ismoilning xotinlaridan birini oʻz qoʻlida xizmat qiluvchi qozilardan biriga nikohlaydi. Shoh Ismoil Salim I ga toʻrt nafar elchi bilan birgalikda sovgʻalar, shuningdek, oldingi nomalardan farqli oʻlaroq, xotinini qaytarib olish ilinjida, unga maqtov soʻzlari yozilgan xatlar yuborgan. Hukmdor Salim I esa, oʻz navbatida shoh Ismoilning zavjasini qaytarib berish o‘rniga elchilarning burunlarini kesib, ortlariga qaytarib yuboradi.
Chaldirondagi magʻlubiyatdan soʻng, Safaviylar imperiyasi ichki ishlar tizimida keskin oʻzgarish sodir boʻladi. Oʻshandan keyin oʻqotar qurollar qoʻshinning ajralmas qismiga aylandi. Ismoilning oʻgʻli Tahmasp I keyingi janglarda toʻplardan foydalana boshlaydi.
Chaldirondagi gʻalabali jangdan soʻng, Salim I Mamluklar sultonligiga qarshi jang qilish uchun oʻz qoʻshinlarini janubga tashlaydi (Usmonli—Mamluk urushi, 1516—1517).
Jang maydoni
Jang boʻlib oʻtgan joy Chala Ashaqi qishlogʻi yaqinida, Siyah Cheshmeh shahridan gʻarbda, Maku janubida, Qareh Ziyaeddindan shimolda joylashgan. 2003-yilda jang maydonida katta g‘ishtin gumbazli bino qurilgan hamda Safaviylarning asosiy qo‘mondonlaridan biri Seyid Sadriddin haykali o‘rnatilgan.
Iqtiboslar
Jangdan keyin Salim Ismoil haqida shunday degan:
U har doim aqlini yoʻqotadigan darajada mast va davlat ishlariga mutlaq beparvo edi.
Mirzo Muhammad Haydar Duglat:
… Oʻsha paytda Shoh Ismoil Iroqqa qaytib keldi va u yerda Rum sultoni Sulton Salim tomonidan bir necha yuz ming kishilik qoʻshin bilan hujumga uchradi. Shoh Ismoil uni 30000 kishilik qoʻshin bilan kutib oldi va qonli jang boʻlib, undan bor-yoʻgʻi olti kishi bilan qochib qutuldi, qolgan qoʻshinlari Rumlik Salim tomonidan yoʻq qilindi. Sulton Salim bundan keyin boshqa bu yerga bosqinchilik qilmadi, Rumga qaytdi, Shoh Ismoil davlati esa parchalanib,(qoʻshinlari ham) tarqalib Iroqda qoldi. Bu voqeadan koʻp oʻtmay Shoh vafot etdi va uning oʻrniga oʻgʻli Shoh Tahmasp keldi. Bu Shoh ham bir necha marta Rum lashkarining zarbalariga duchor bo'lgan. Bundan tashqari, u Rumlikdan qo'rqib oʻz dinini targʻib qila olmadi va otasining ishlarini davom ettira olmadi.
Yana qarang
Manbalar
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org