CHALA TUG’ISH



CHALA TUG’ISH — homiladorlik muddati tugamay (homiladorlikning 29 haftasidan 38 haftasigacha) tug’ish. Bunda homila vaqtdan avval, chala tug’iladi. Erkak urug’idagi nuqsonlar, tuxumhujayraning to’la rivojlanmaganligi, irsiy omillar, er-xotinning yaqin qarindosh bo’lishi, plasentaning bachadonga noto’g’ri birikib qolishi, homilaning teskari yotishi, ayol nerv va endokrin sistemasining buzilishi (mas, tuxumdonlar, qalqonsimon bez faoliyatining buzilishi, diabet), homiladorlik toksikozlari, abort, kamqonlik, o’tkir va surunkali yuqumli kasalliklar (masalan, brusellyoz, toksoplazmoz, gripp, angina, virusli gepatit va boshqalar), shuningdek, ichki jinsiy a’zolarning turli sabablar bilan yallig’lanishi, ularda o’sma paydo bo’lishi, ayol jinsiy a’zolarining yetarli rivojlanmaganligi (infantilizm), ona bilan homila qon gruppalari va rezusfaktorning nomutanosibligi va boshqalar Chala tug’ishga sabab bo’ladi. Asabiy-ruhiy va jismoniy shikastlanishlar, og’ir ish sharoiti, oiladagi notinchlik va boshqa noqulay ta’sirotlar vaqtdan avval tug’ishga olib keladi. Buyrak, jigar, yuraktomir, nerv kasalliklari bilan og’rigan ayollarda ham Chala tug’ish kuzatiladi. Bunda ona bilan homila o’rtasidagi qon aylanishi buziladi, homilaning kislorod bilan ta’minlanishi yomonlashadi va bu vaqtdan avval tug’ishga olib keladi. Chala tug’ish aksariyat juda yosh yoki yoshi 35 dan oshib birinchi marta tug’ayotgan ayollarda uchraydi. Davo Chala tug’ishga sabab bo’lgan asosiy kasallikka qarab belgilanadi. Chala tug’ish ehtimoli bo’lgan ayol homilador bo’lgunicha hamda homiladorlik davrida davolanishi lozim. Oldini olish Chala tug’ish sabablarini o’z vaqtida aniqlash va uni davolash chora-tadbirlaridan iborat.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz