CHAKMON
CHAKMON — ustki kiyim turi; erkaklarning oldi ochiq qishki to’ni. Jun matodan tikiladi. Barlari old etak qismiga qo’shimcha trapesiyasimon kiyiq qo’shilishi hisobiga birbiriga ustmaust kirib turadi, uchburchak bo’yin o’miziga yoqa o’rnatiladi, eng uchi tomon torayib boradi. Chakmonning qo’ltiq osti (xishtak) qismi ochiq qoldirilgan. Chakmon ham to’n kabi yoqa, bar, etak chetiga jiyaklar qo’yib bezatilgan. Bahor, kuzda yaktak ustidan, sovuq oylarda paxtali to’n, po’stin ustidan kiyiladi. Xorazmda chap barlar o’ng bar ustini yopib turgan. Yaylovlarda hozir ham kundalik kiyim sifatida kiyiladi. Bu hududsa movut to’nlar — chakmon, sholchakmon, yaktak singari astarsiz tikilgan. Jun mato ensiz bo’lgani sababli bitta Chakmonga 25 metrgacha mato sarf qilingan. Ular, asosan, och jigarrang tuya junidan bo’lib, 2 andazali yoki 3 andazali bichiqsa tikilgan, ya’ni yon bo’lak tarzli yoki tarzlar qo’shilmay tikilgan. Samarqand—Buxoro muzofoti movut Chakmonlari, asosan, qo’y juni matosidan tayyorlanganligi tufayli, sidirg’a och sariqyoki qora tusli bo’lgan. Shol Chakmon (tuya junidan tayyorlangan), movut Chakmon (fabrika movutidan tayyorlangan) lar qimmat sotilgan, asosan, o’ziga to’q, boy aholi sotib olgan. Chakmon oddiy to’nlar singari bichilgan, ya’ni 3 andazali to’g’ri Bichiqda bo’lib, barlar oldiga kiyiklar solingan. Jiyaklar bilan bezatilgan. Farg’ona — Toshkent muzofotida qo’y junidan to’qilgan movut Chakmonlar — qoqma Chakmon deyilgan. Eng arzon movut Chakmonlar past navli aralash matolardan tikilgan (ko’k Chakmon). Qor yomg’irlarda bo’kib qolmaslik uchun ko’pincha qaynoq suvga bo’ktirilgan. Chakmon matosi to’qilishiga qarab farqlangan. Asosan, ko’kish rangli bo’lgan, bichig’i esa paxtali chopon, to’nlar kabi 3 andazali to’g’ri bichiqsa bo’lgan. Hozirgi kunda Chakmonlar kundalik kiyimlar qatoridan joy olgan. Ad.: Suxareva O. A., Kostyum narodov Sredney Azii, M., 1982; Traditsionnaya odejda narodov Sredney Azii i Kazaxstana, M., 1989.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz