CHAKANDA
CHAKANDA, jirg’anoq (Hippophae) — jiydadoshlar oilasi daraxtsimonlar yoki butasimonlar turkumi; dorivor va mevali ekin. Yevrosiyoning iliq iqlimli mintaqalarida 3 turi tarqalgan. Sharqiy va G’arbiy Sibir, Kavkaz, O’rta Osiyo, jumladan, O’zbekistonda daryo sohillari va to’qayzorlarda Chakandaning jumrutsimon turi (H. rhamnoides) yovvoyi holda o’sadi. Rossiyaning Oltoy, Sibir va Noqoratuproq zonalarida madaniylashtirilgan navlari o’stiriladi. Tabiiy o’sadigan chakandazorlardan ham keng foydalaniladi. Chakanda yorug’sevar, qurg’oqchilik va sovuqqa chidamli. Bo’yi 2-5 metr, sershox, bargi nashtarsimon zich, usti kulrang, osti kumushsimon. Chakanda ikki uyli (erkak va urg’ochi daraxtli) o’simlik. Bahorda barg chiqarishi bilan gullaydi, shamol yordamida changlanadi. Gullari mayda sarg’ish, hidli. Mevasi avgust oxiri—sentabr boshlarida pishib yetiladi, mayda, tuxumsimon yoki dumaloq, novdalarga zich yopishgan, rangi och sariq yoki sarg’ishqizil, ta’mi nordonshirin. Tarkibida organik kislotalar, qand, S va V, E, G’guruhi vitaminlari, karotin hamda tibbiyotda ishlatiladigan shifobaxsh moy bor. Chakanda bachki, parxish hamda qalamchasidan ko’paytiriladi. Qumliklarni, qirg’oqlarni, temir yo’l bo’ylarini mustahkamlash, yo’laklarni qordan himoya qilish maqsadida ham ekiladi. Mevalari yangiligida yeyiladi, murabbo, jem, sharbat tayyorlanadi, moy olinadi. Bog’ va xiyobonlarda manzarali o’simlik sifatida o’stiriladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz