Chagang provinsiyasi





Chagang provinsiyasi ( Chagangdo ; Koreyscha talaffuzi : [changdo]) – Shimoliy Koreyadagi provinsiya boʻlib, shimolda Xitoyning Jilin va Liaoning provinsiyalari, sharqdan Ryanggang va Janubiy Xamgyong, Janubiy Pyongan bilan chegaradosh. Chagang 1949-yilda Shimoliy Pyongan chegarasi qayta koʻrib chiqilganidan keyin tashkil topgan. Viloyat markazi – Kangye shahri hisoblanadi. Chagangda joylashgan qurol zavodlari va yadroviy qurol inshootlari tufayli 2019-yilgacha provinsiya Shimoliy Koreyaning sayyohlar uchun toʻliq kirish imkoni boʻlmagan yagona provinsiyasi edi. 2019-yilda Manpo shahri sayyohlar uchun ochilgan. 2018-yilning may oyida viloyat yadro quroli va qurol zavodlarini yashirish munosabati bilan „Maxsus Songun (birinchi harbiy) inqilobiy zona“ga aylangan.

Geografiyasi



Chagang provinsiyasi Koreyaning shimoli-gʻarbiy qismida joylashgan. Chagang togʻli viloyat boʻlib, hudud umumiy maydonining 98 foizi togʻlardan iborat. Dengiz sathidan oʻrtacha 750 metrda joylashgan va aksaryat mintaqalarning nishabi 15% dan 40% darajagacha.

Viloyat Osiyo materigi taʼsirida oʻziga xos kontinental iqlimga ega boʻlib qishi juda sovuq va uzoq va bahori bilan kuzi esa qisqadir. Iqlimi kunlik va yillik haroratning katta farqlanishi bilan tavsiflanadi. Yoz oylarida tez-tez yomgʻir va doʻl yogʻingarchiligi kuzatiladi. Momaqaldiroq va chaqmoq chaqishlari ham tez-tez sodir boʻlib turadi.

Viloyat katta mineral boyliklarga ega boʻlib, Shimoliy Koreyaning asosiy manbalari boʻlgan qoʻrgʻoshin, rux, oltin, mis, molibden, volfram, surma, grafit, apatit, alunit, ohaktosh, kalsiy karbonat, antratsit va temir rudalari qazib olinadi. Ular orasida kristallar va qimmatbaho toshlar ham mavjud.

Asosiy shaharlari va iqtisodiy faoliyati



Viloyat yer osti, oʻrmon va suv resurslariga boydir. Koreya urushigacha Chagang provinsiyasi atigi ikkita kon, bitta yogʻoch tegirmoni va spirtli ichimliklar zavodiga ega boʻlgan alohida viloyat boʻlgan.
Hozirda viloyatda energetika, mashinasozlik, kimyo, yengil va togʻ-kon sanoati, yogʻochsozlik sanoatlari mavjud.

Shimoliy Koreyaning yer osti harbiy sanoat ob’ektlarining aksariyat qismi Chagang provinsiyasida joylashgan boʻlib, jumladan, ularning ommaviy qirgʻin qurollari ishlab chiqarishning bir qismi ham shu provinsiyada joylashgandir.

Kanggye – Chagang provinsiyasining markazi hisoblanadi. Viloyat va mamlakatning asosiy yogʻochni qayta ishlash zavodlaridan biri Kanggye shahrida joylashgan.

Huichon provinsiyadagi eng rivojlangan shahardir. Uning rivojlanish tarixi Koreya urushidavriga toʻgʻri keladi, oʻshanda u alohida va asosiy jang maydonlaridan biri hisoblangan boʻlib, uzoqda joylashgani uchun sanoat shaharlaridan biriga aylangan.

Chagang Shimoliy Koreya 1945-yilda ozod qilinganidan keyin ham
kam rivojlangan va izolyatsiya qilingan provinsiyalardan biri boʻlgan. Viloyat dehqonchilik qilish uchun qiyin sharoitda boʻlib, dehqonlar tirikchilik uchun togʻlik yerlarni haydab dehqonchilik qilishga majbuur boʻlishgan.

Hozirgi vaqtda dehqonchilik asosan chorvachilik bilan bogʻliq,bunga bir misol Hungju firmasidir.

Viloyat turizmi



Chagang provinsiyasi bir muncha vaqt Shimoliy Koreyada sayyohlar bora olmaydigan yagona viloyat hisoblangan. Sayyohlarga ruxsat berilmaganligining asosiy sababi, viloyatning qurol va yadroviy qurol zavodlari va maydonlari joylashganligi bilan bogʻliq boʻlgan. 2019-yil aprel oyigacha Chagang provinsiyasida sayyohlar uchun ochiq boʻlgan yagona qism Huichon mehmonxonasi edi.

Biroq, 2019-yil aprel oyida provinsiya sayyohlar uchun ochilgan va ular Manpo shahriga borishlari mumkin boʻlgan. Shahar Xitoy daryosining roʻparasida joylashgan.


Kichik va oʻrta elektr stantsiyalari



Provinsiya mamlakatning energetika bazasiga aylantirilib, Kangye yoshlar elektr stansiyasi, Unbong elektr stansiyasi, Jangjagang elektr stansiyasi va boshqa yirik GESlar qurilgan.

Provinsiya 90-yillardan boshlab mahalliy hokimiyat burchi sifatida koʻplab kichik va oʻrta elektr stantsiyalarini qurgan. Ularni qurishda toʻgʻon,suv yoʻli,raf va shlyuzlar qoʻllanilgan samarali usullardan foydalanilgan.

Ishlab chiqarish quvvatini keskin oshirish maqsadida mahalliy texnik mutaxassislar tomonidan quvvati 2 kVt dan 70 kVt gacha boʻlgan kichik gidravlik turbinalar ishlab chiqarilgan.


Maʼmuriy boʻlinmalari



Chagang 15 okrug va 3 shaharga boʻlingan.

Havolalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz