ByRAK.obamas
Barack Hussein Obama II (talaffuzi: Barak Useyn Obama Ikkinchi; 4-avgust 1961-yilda tugʻilgan) amerikalik siyosatchi, huquqshunos va yozuvchi boʻlib, 2009-yildan 2017-ylga qadar Amerika Qoʻshma Shtatlarining 44-Prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan. Bungacha 1997-yildan 2004-yilga qadar Illinois shtati senatori, 2005-yildan 2008-yilga qadar esa AQSh senatori (Illinoisdan) vazifalarini bajargan. Demokratlar partiyasi aʼzosi boʻlgan Obama AQShning ilk afroamerikalik prezidenti boʻlgan. Obamadan keyin AQSh Prezidenti Donald Trump boʻldi.
2009-yil 9-oktyabrida tinchlikparvar siyosati uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlandi.
2012-yilgi saylovda ham gʻalaba qozondi. Shuningdek, Obama uch bestseller kitob muallifi hamdir: Dreams from My Father („Otamdan orzular“) (1995), The Audacity of Hope („Umid jurʼati“) (2006) va A Promised Land („Vaʼda qilingan yer“) (2020).
Dastlabki hayoti va karyerasi
Obama 1961-yil 4-avgustda AQShning Hawaii shtati Gonolulu shahridagi Kapiolani Ayollar va Bolalar Tibbiy Markazida dunyoga kelgan. U Hawaiida va AQShning 48 ta qitʼada joylashgan shtatlaridan tashqarida tugʻilgan yagona prezidentidir. Uning onasi oq va otasi qora irqqa mansub. Onasi, Ann Dunham (1942-1995) Kanzasning Uichita shahrida tugʻilgan boʻlib, asosan ingliz, nemis, irland, shotland va uelslik kelib chiqishga ega boʻlgan. Otasi Barack Obama Katta (1936-1982) Keniyaning Luo qabilasiga mansub hamda grant asosida Hawaiiga oʻqishga kelgan talaba boʻlgan. Obamaning ota-onasi 1960-yilda Manoadagi Hawaii uiversitetida rus tili darsida uchrashishgan. Juftlik 1961-yilning 2-fevralida, Obama tugʻilishidan olti oy avval Vailukuda turmush qurishgan.
1961-yil avgusti oxirlarida, Obama tugʻilganidan bir necha hafta oʻtgach, Barack va uning onasi Seattle shahridagi Washington universitetiga koʻchib oʻtishib, u yerda bir yil yashashdi. Bu vaqt davomida Barackning otasi 1962-yilning iyunida Hawaiida oʻqishini tamomlab, iqtisod boʻyicha bakalavrlik darajasi oldi. Keyinchalik, Harvard universitetiga grant asosida oʻqishga kirib, u yerni tugatdi va iqtisod boʻyicha magistrlik darajasini oldi. Obamaning ota-onasi 1964-yil martida ajrashishdi. Obama Katta 1964-yilda Keniyaga qaytdi va u yerda uchinchi marta uylandi. U, shuningdek, Keniya moliya vazirligida katta iqtisod tahlilchisi lavozimini bajardi. U oʻgʻli Obamani koʻrish uchun 1971-yil Mavlud bayramida faqat bir marotaba Hawaiiga tashrif buyurgan. U 1982-yili avtomobil halokati tufayli vafot etdi, bu paytda Obama 21 yoshda edi. Bolalik chogʻlarini yodga olarkan, Obama bu haqda shunday deydi: „Otamning atrofimdagi odamlarga umuman oʻxshamasligini, yaʼni u qop-qora boʻlsa, onam sutdek oqligini bazorgʻa fahmlaganman“.
Nashr etilgan kitoblari
Audiokitoblar
Manbalar
Oʻqish uchun
Havolalar
uz.wikipedia.org