BXARATENDU XARISHCHANDRA (1850—Banoras—1885) — hind yozuvchisi, dramaturg. Zamonaviy hind adabiyoti asoschilaridan biri. U 13 yoshida “Ramayana”dan parchalarni (sanskritchadan hindchaga) tarjima qilgan. “Vidyasundar” (1868), “Adolatli Xarishchandra” (1874) asarlari sanskritchadan qilingan ilk erkin tarjimalari edi. Bxaratendu Xarishchandra “Sevgi maftuni” (1875), “Chandravali” (1876), “Hindiston musibati” (1880), “Ostin-ustun shahar” (1881) kabi asarlari bilan zamonaviy hind dramaturgiyasiga asos soldi, uni mumtoz dramalarga ijodiy yondashgan holda, zamonaviy mavzu va g’oyalar bilan boyitdi. Bxaratendu Xarishchandra teatrlar tashkil etib, o’zi ham rejissyorlik, ham aktyorlik qilgan. Uning asarlari, adabiytanqidiy maqolalari vatanparvarlik ruhi, bosqinchilarga nafrat g’oyalari bilan sug’orilgan. Ijodi 19-asr 2-yarmi hind adabiyoti taraqqiyotiga sezilarli ta’sir etgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Loyiha rivoji uchun hayriya qiling: 9860 3501 4465 8134. @Shaka_rj Maqsad sun'iy intellekt javoblarini ko'paytirish