Buyuk Turon koʻchasi (Toshkent)
Buyuk Turon koʻchasi — Mirobod va Yunusobod tumanlari, Islom Karimov koʻchasi bilan Alisher Navoiy koʻchasi oraligʻida. Uzunligi 1,5 km.
XIX asrning 2-yarmida tashkil etilgan. Toshkentning yangi shahar qismidagi gavjum koʻcha boʻlgan. Koʻcha yoʻnalishida shahar boshqarmasi, maʼmuriy binolar, dorixona-magazin joylashgan. Dastlab Katta koʻcha deb atalgan. XIX asrning 90-yillarida Romanov deb atala boshlangan. XX asrning 30-yillarida Lenin koʻchasi deb oʻzgartirilgan. Koʻchada qurilish ishlari davom ettirilgan. „Iskra“ kinoteatr, sirk va boshka binolar bunyod etilgan. 1964-yil koʻchaning Oʻzbekiston koʻchasi bilan kesishgan qismida Toshkentdagi piyodalar uchun dastlabki er osti yoʻli qurilgan. Toshkent zilzilasidan (1966) keyin koʻcha rekonstruksiya qilingan. 1989-yilda koʻchaga „Pravda“ gazetasi nomi qoʻyilgan. 1992-yil 18-noyabrda koʻchaga Buyuk Turon nomi berildi.
Mustaqillik yillarida koʻcha obodonlashdi. Koʻcha yuzida Oʻzbekiston milliy galereyasi, Yoshlar ijod saroyi, Moliya vazirligining Gʻaznachilik boshqarmasi, „Poytaxt“ biznes markazining muhtasham binolari qad rostladi.
Shuningdek, koʻcha yoʻnalishida Alisher Navoiy nomidagi Katta opera va balet teatri, „Toshkent palas“ mehmonxonasi, „Sharq“ nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, gazeta-jurnal tahririyatlari, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi, Tashqi ishlar vazirligining Qabullar uyi, „Mustaqillik maydoni“ metro bekati bor.
Yana qarang
Manbalar
uz.wikipedia.org