Buxoro qamali
Buxoroni qamali 1220-yil mart oyida moʻgʻullar Xorazm imperiyasini bosib olishi davrida sodir boʻldi. Moʻgʻullar imperiyasining hukmdori Chingizxon Shoh Muhammad II boshqargan Xorazm imperiyasiga koʻp tomonlama hujum uyushtirgan. Shoh yirik shaharlarni yakka tartibda himoya qilishni rejalashtirgan boʻlsa, moʻgʻullar chegaradagi Oʻtror shahrini qamal qilib, Xorazmga yirik zarbalar berishdi.
Buxoro shahri Xorazm imperiyasining yirik savdo va madaniy markazi boʻlgan. Shahar Moʻgʻullar imperiyasi bilan chegaradan ancha uzoqda joylashganligi sababli shoh shaharni himoya qilish uchun 20 mingdan kamroq askar ajratgan. Biroq, soni 30 000 dan 50 000 gacha boʻlgan moʻgʻul qoʻshinlari katta qoʻshin uchun oʻtib boʻlmaydigan deb hisoblangan Qizilqum choʻlini kesib oʻtishga muvaffaq boʻldi. Buxoro mudofaachilari butunlay sarosimaga tushdi va muvaffaqiyatsiz jangdan soʻng tashqi shahar uch kun ichida taslim boʻldi. Xorazmlik hukmdorga sodiq askarlar qal’a buzib tashlangunga qadar ikki haftadan kamroq vaqt davomida mudofaani davom ettirdilar.
Moʻgʻul qoʻshini qoʻrgʻondagi barchani oʻldirib, aholining katta qismini qul qilib oldi. Mohir hunarmandlar mehnati moʻgʻullar tomonidan oʻzlashtirildi, boshqalar esa armiyaga jalb etildi. Garchi oʻsha paytda Buxoro yongʻinlar natijasida vayron boʻlgan boʻlsa-da, talofot nisbatan kamroq edi. Qisqa vaqt ichida shahar yana savdo va madaniy markazga aylanib, Pax Mongolika davrida yanada rivojlandi.
Tarixi
Yoqut al-Hamaviyning geografik maʼlumotlariga koʻra, moʻgʻullar istilosi arafasida Buxoro „Oʻrta Osiyoning eng yirik shaharlari qatorida“ boʻlgan. 300,000 ga yaqin aholisi va 45,000 kitobdan iborat kutubxonaga ega boʻlgan shahar Bagʻdod bilan ilm va madaniyat markazi sifatida raqobatlasha olardi. 1121-yilda foydalanishga topshirilgan Poi Kalon masjidi dunyodagi eng katta masjidlardan biri boʻlib, masjidda Minorai Kalon joylashgan edi. Shaharni V asrda qurilgan Buxoro arki oʻrab turar hamda mudofaa inshooti vazifasini bajarar edi. Dehqonchilik yerlari Zarafshon daryosining suvi yordamida sugʻorilgan.
Shahar XII asr davomida Qoraxoniylar davlati hukmronligi ostida boʻlib, ular tarixan Samarqand, Toshkent va Fargʻona kabi koʻplab eng boy shaharlarni nazorat qilishgan. Qoraxitoy xonligining nominal vassallari boʻlgan Qoraxoniylarga aholi soni va hududi katta boʻlganligi sababli avtonom faoliyat koʻrsatish uchun ruxsat berilgan edi. Qoraxoniylar 1215-yilda Saljuqiylar davlati Gurganjda qulashi natijasida shakllangan va bir vaqtlar qoraxitoylarning vassallari boʻlgan Xorazmshohlar davlati tomonidan boʻysundirildi. 1218-yilda Xorazmshoh Muhammad Xorazmshoh Hamadon, Eron va Xuroson sultoni boʻlib, Gʻuriylar va Eldegiziylar ustidan hukmronlik oʻrnatgan. Xorazm imperiyasi moʻgʻul qabilalari ustidan gegemonlik oʻrnata boshlagan Chingizxon istilosidan qochgan qochqinlar tufayli beqarorlashgan Qoraxitoylar hududlarini egallab oldi.
Umumiy dushman Nayman shahzodasi Kuchluq magʻlubiyatga uchragach, moʻgʻullar va Xorazmshohlar oʻrtasidagi munosabatlar dastlab mustahkam boʻldi. Biroq, Xorazmshoh tez orada moʻgʻullarga nisbatan xavotir bildira boshladi. Solnomachi an-Nisoviy munosabatning oʻzgarishini tezkorligi va harakatchanligi tufayli shohni qoʻrqitib qoʻygan moʻgʻul qoʻshinlari bilan kutilmagan toʻqnashuv ehtimoli bilan bogʻlagan. 1218-yilda shoh Oʻtror hokimi Inalchuqga moʻgʻullarning savdo karvonini hibsga olib, mollarini tortib olishga ruxsat beradi. Chingizxon masalaga diplomatik yechim izlab, Urganchga uchta elchi yuboradi. Muhammad Xorazmshoh ularni xorladi, shu jumladan, bittasini omma oldida qatl qildi. Bundan gʻazablangan Chingizxon Jin sulolasiga qarshi urushni qoldirib, 1219-yilda qoʻshinining katta qismi bilan gʻarb tomon otlanib, mudofaa uchun Muxali noʻyon boshchiligida juda kam kuch qoldirdi.
Qamalning boshlanishi
Moʻgʻul bosqinchilarining umumiy soni toʻgʻrisida bir-biriga zid maʼlumotlar mavjud. Eng yuqori koʻrsatkichlarni Juzjoniy va Rashiduddin kabi mumtoz musulmon tarixchilari asarlarida koʻrish mumkin. Morris Rossabi kabi zamonaviy olimlar moʻgʻul bosqinchilarining umumiy soni 200,000 dan ortiq boʻlishi mumkin emasligini taʼkidlashadi. Jon Masson Smit 130,000 atrofidagi qoʻshin deya taxmin qilgan. Minimal 75,000lik qoʻshin haqida Karl Sverdrup maʼlumot bergan. Olim tuman (eng katta moʻgʻul harbiy qismi) koʻpincha oʻlchamlari boʻyicha haddan ortiq oshirilgan deb taxmin qiladi. Moʻgʻul qoʻshinlari alohida qismlarga boʻlinib, Xorazmshohlar chegaralariga yetib kelishdi. Avval Chingizxonning toʻngʻich oʻgʻli Joʻji va sarkarda Jebe boshchiligidagi avangard Tyan-Shan dovonlaridan oʻtib, Sharqiy Fargʻona vodiysidagi shaharlarni talay boshladi. Shunda Joʻjining ukalari Chigʻatoy va Oʻqtoy Oʻtrorni qamal qildilar. Tez orada Chingizxon kenja oʻgʻli Tuli bilan yetib kelib, bosqinchi qoʻshinni toʻrt qismga boʻldi. Chigʻatoy va Oʻqtoy Oʻtror qamalini davom ettirishsa, Joʻji shimoli-gʻarbga Gurganj tomon yoʻl olishi kerak edi. Xoʻjandni egallash uchun kichik otryad ham yuborildi. Chingizxonning oʻzi Tuli va qoʻshinning deyarli yarmini — 30-50 ming kishi bilan gʻarbga tomon yoʻl oldi.
Bu vaziyatda Xorazmshoh koʻplab muammolarga yuzlandi. Imperiya chegaralari keng va yangi tashkil topgan boʻlib, boshqaruvi rivojlanayotgan edi. Hukmdorning onasi Turkon xotun saltanatda salmoqli hokimiyatga ega edi. Peter Golden hukmdor va onasi oʻrtasidagi munosabatlarni „noqulay diarxiya“ deb atagan. Bu holat koʻpincha Muhammadga zarar yetkazgan. Shoh qoʻmondonlarining koʻpchiligiga ishonmasdi. Bundan toʻngʻich oʻgʻli va bir yil oldin Irgʻiz daryosidagi janglarda harbiy mahoratini namoyon etgan vorisi Jaloliddin mustasno edi. Agar Xorazmshoh koʻplab sarkardalari xohlaganidek, ochiq jangga kirishganida edi, u moʻgʻul qoʻshinini ham qoʻshinning umumiy soni, ham mahorati boʻyicha ortda qoldirar edi. Shunday qilib, shoh kuchlarini imperiyaning eng muhim shaharlariga garnizon qoʻshinlari tarzida taqsimlashga qaror qildi. Urush frontidan uzoqda boʻlgani uchun Buxoroga nisbatan kam sonli qoʻshin ajratilgan edi. Moʻgʻul qoʻshini boʻyicha boʻlgani kabi, shoh qoʻshinlarining umumiy soni va tarkibi haqida ham bahslar mavjud. Solnomachi Juvayniy Oʻtror uchun yordamga 50 ming kishi yuborilgani, Buxoroda esa kamida 20 ming kishi borligini qayd etgan. Sverdrupning yozishicha, Buxoroda ikki mingdan besh minggacha odam boʻlgan. Shohning strategiyasi haqida xulosa qilgan Chingizxon Samarqand qoʻrgʻonini aylanib oʻtib, 1220-yil 7-fevralda Qizilqum choʻlidan 300 mi (480 km) yoʻl bosib, Buxoroga yetib keldi. Zamondoshlari Qizilqumni yirik qoʻshinlar bosib oʻta olmaydi deb oʻylashgani bois, X.Desmond Martin va Timoti Mey kabi zamonaviy tarixchilar manevrni taktik mahorat deb atashgan.
Qamal
Xorazmshoh butunlay arosatda qoldi. U Chingizxon avval Samarqandga hujum qilib, bu yerda dala qoʻshini ham, Buxoroda joylashgan garnizon ham qamaldan xalos boʻlishini taxmin qilgan edi. Xonning Qizilqumni kesib oʻtishi natijasida dala qoʻshini kuchsizlanib, na dushmanga qarshi kurasha oldi, na oʻz xalqiga yordam bera oldi. Tarixchi Juvayniyning yozishicha, Buxorodagi garnizonni Gurxon ismli kishi boshqargan. 20-asr boshlarida tarixchi Vasiliy Bartold qoʻmondon Chingizxonning eski doʻsti Jamuxa boʻlishi mumkinligini taxmin qildi. Aksariyat tarixchilar buni ehtimoldan yiroq deyishadi. Chunki Jamuxa 1206-yilda qatl etilgan deb hisoblanadi.
Qamalning asosiy harbiy harakati ikkinchi yoki uchinchi kunga toʻgʻri keldi. Oʻshanda Sultonning 2000 dan 20,000 nafargacha boʻlgan saralangan qoʻshinlari qalʼadan chiqib ketishdi. Juvayniy ularning daryo boʻyida moʻgʻullar tomonidan qirib yuborilgani haqida yozib qoldirgan:
Bu qoʻshinlar Oks qirgʻoqlariga yetib kelganlarida, moʻgʻul qoʻshinining qorovullari va ilgʻor boʻlinmalari ularning ustiga yurib, ulardan hech qanday iz qoldirmadi ... Ertasi kuni quyosh nuri tufayli tekislik qonga toʻlgan patnisga oʻxshardi.
— Ato Malik Juvayniy, Tarixi jahongusho[29]
Tarixchi Pol Buellning taʼkidlashicha, shahar garnizoni emas, balki faqat sultonning yordamchi qoʻshinlari amalga oshirgan jangovar harakat shunchaki qochishga urinish boʻlishi mumkin. Tarixchi qoʻshinlarning ketishga tayyorgarligi sababi Buxoro yaqinda xorazmliklar istilosiga uchragan boʻlgani, yaʼni ushbu voqeadan oʻn yil oldin Qoraxoniylar qoʻlidan tortib olingani bilan izohlaydi. 10-fevralda shahar egallandi. Qalʼa egallangach, yagona qarshilik markazi qalʼadagi sadoqatli kuchlarning kichik guruhi boʻlib qoldi. Qalʼa eng zamonaviy talablarga muvofiq qurilgan boʻlsa-da, Xon Xitoydan qamal urushi boʻyicha maxsus mutaxassislarni olib kelgan edi. Oʻn kundan keyin oʻt qoʻyuvchi va poroxli qurollar qoʻllanilganidan soʻng parokandalik sodir boʻlib, oʻn ikkinchi kuni qarshilik toʻxtatildi va qalʼa egallandi.
Oqibat
Chingizxon shaharga kirib, shahardagi juma masjidida nutq soʻzlagani qayd etilgan:
Ey insonlar, bilingki, sizlar katta gunoh qildingiz va bu gunohlarni orangizdagi buyuklaringiz ham qildilar. Bu gaplarimga qanday dalil bor, deb soʻrasangiz, men Xudoning jazosi ekanligim uchun shu yerdaman deyman. Agar katta gunohlar qilmaganingizda edi, Xudo sizlarga men kabi azobni yubormagan boʻlardi.
— Ato Malik Juvayniy, Tarixi jahongusho[36]
Qalʼaning biroz qarshilik koʻrsatishi Buxoroning qolgan qismiga zarar keltirdi. Moʻgʻullar qarshilik markazlarini bostirish uchun shaharga oʻt qoʻyishdi. Shahardagi aksariyat inshootlar yogʻoch boʻlgani sababli, tez orada nazorat qilib boʻlmaydigan darajadagi yongʻin shaharning koʻp qismini, shu jumladan mashhur kutubxonani ham kulga aylantirdi. Olov yonida qolgan tosh inshootlarning aksariyati, jumladan Poi Kalon ham moʻgʻullar tomonidan vayron qilingan. Faqatgina Minorai Kalon omon qolgan edi.
Qoʻrgʻon ichidagi hamma qirgʻin qilingan boʻlsa-da, Marv va Gurganj kabi boshqa shaharlardan farqli oʻlaroq, aholi butunlay yoʻq qilinmagan. Buning oʻrniga, odamlar koʻchirildi va boʻlib yuborildi. Aksariyat ayollar zoʻrlandi yoki kanizak qilindi, shahar hunarmandlari ustaxonalarga jalb etilib, moʻgʻullar uchun qurollar ishlab chiqarishga koʻrsatma berilgan, qolgan barcha jangovar yoshdagi erkaklar moʻgʻul qoʻshinlari safiga qoʻshib olingan. Buxorodan harbiylikka chaqirilganlar 1220—1221-yillarda Samarqand va Gurganj qamallarida tirik qalqon sifatida foydalanilgan edi. Sulton Muhammad Kaspiy dengizidagi orolda qashshoqlikda vafot etdi. Moʻgʻullar Xorazmshohlar davlatining barcha yirik shaharlarini muntazam ravishda qamal qilib, egallab oldilar. Sulton Muhammadning vorisi Jaloliddin eng koʻp qarshilik koʻrsatdi, ammo oxir-oqibat 1221-yil noyabrda Sind daryosi boʻyidagi jangda magʻlubiyatga uchradi.
Meros
Shahar qisqa muddatda vayron qilinganiga qaramay, butunlay yoʻqolib ketmadi. Ushbu voqeadan soʻng ham shahar yigirma yil davomida Osiyo savdo markazi rolini bajara oldi. Dorugʻachi Yelü Ahai boshchiligida protobyurokratik elementlar tezda oʻz oʻrniga qoʻyildi. Keyinchalik amalga oshirilgan koʻplab davlat muassasalar Qoraxitoylar namunasi asosida boʻlib, tarixchi Buell uni „Moʻgʻul imperiyasining prototipi“ deb atagan. 1221-yilda shaharga daochilar delegatsiyasining tashrifi haqidagi maʼlumotlarga koʻra, Samarqand va, ehtimol, Buxoroda ham Xitoy va Xitan hunarmandlari toʻplana boshlagan. Bu vaqtda ham hudud beqaror edi. Xorazmlik qaroqchilar boshligʻi oʻsha vaqtda buxorolik dorugʻachini oʻldirishga muvaffaq boʻlgan. Sobiq Xorazm shaharlari keyinchalik Oʻqtoyning asosiy daromad manbalari hamda Chigʻatoy ulusining asosiy shaharlariga aylandi. Buxoro Samarqand bilan birga keyinchalik Amir Temur davlatining yirik markazlariga ham aylandi. Shuningdek, shahar oʻzining diniy ahamiyatini ham qayta tiklab, Markaziy Osiyoda soʻfiylikning eng muhim markaziga aylandi. Sayfiddin al-Boharziy qabri atrofidagi ziyoratgoh mintaqadagi eng boy vaqf qilingan mulklardan biri edi.
Izohlar
Manbalar
Adabiyotlar
Oʻrta asrlar
Zamonaviy davr
uz.wikipedia.org