Buxoro amirining Shirbudun saroyi




Shirbudun saroyi  — Buxoro amirlarining siyosiy qarorgohlaridan biri. Saroy taxminan 1870-yilda Buxoro amirligida hukmronlik qilgan Amir Muzaffarxon (1860—1885) davrida qurilishi boshlangan. 1870-yillarida Shirbudunda durezgar (yogʻoch ustasi) Abdurasul va ganchkor (gilkor) usta Rahim Hayotov, boshqalar ishtirokida saroy, tomoshagoh, hovuz, masjid kabi binolar qurilgan. Saroyning tashqi koʻrinishidan Eron va Yevropa arxitekturasi belgilari sezilib turadi. Saroyda asosan elchilarni kutib olish, yarmarkalar va turli xil sayllar oʻtkazilgan.  Shirbudun saroyi Yevropa dizayniga xos mebellar, qandillar bilan ajralib turgan. Amir Muzaffarxon ushbu saroyda elchilar va nufuzli mehmonlarni kutib olishdan tashqari xalq sayllari, toʻylar va turli tadbirlarni oʻtkazib turgan. Saroyda Amir Muzaffaxondan keyingi hukmdorlar davrida ham ushbu hududda qurilish ishlari davom etgan. Jumladan, Amir Abdulahadxon davrida saroyda koʻplab saroy xonalari va hashamatli zal qurilgan.

Tarixi



Shirbudun saroyi qurilishi Buxoro amirligida hukmronlik qilgan Amir Muzaffarxon (1860—1885) va  Amir Abdulahadxon (1885—1910) davrida qurilgan. 1870-yillarida Shirbudunda ganchkor (gilkor) usta Rahim Hayotov, durezgar (yogʻoch ustasi) Abdurasul va boshqalar ishtirokida saroy, masjid, tomoshagoh kabi binolar qurilgan. Saroyning tashqi koʻrinishidan Yevropa va Eron arxitekturasi belgilari sezilib turadi. Ole Olufsen esdaliklarida Shirbudin taxminan registondan 3 verst (1 verst — 1,066 km ga teng) uzoqlikda Yangi Buxoro yoʻlida baland devor bilan oʻrab olinganligini yozib qoldirgan. Amir Muzaffarxon ushbu saroyda elchilar va nufuzli mehmonlarni kutib olishdan tashqari xalq sayllari, toʻylar va turli tadbirlarni oʻtkazib turgan. Sayllar davomida Shirbudun saroyida 500 tacha chodir qad koʻtargan. Bu hodisa Buxoro shahridagi oʻziga xos yarmarka edi. Tarjimon gazetasining 1897-yil 22-aprel 16-sonida 1897-yil  9-15-mart kunlari Buxoro amirining „Shiri badin“ (Shirbudun) saroyida har yilgi bayram oʻtkazilgani, saroy bogʻlari hamma uchun ochiqligi, turli-tomoshlar, kurash kabi oʻyinlar oʻtkazganligini qayd qilingan. Shirbudun saroyida Yevropa dizayniga xos mebellar, qandillar bilan ajralib turgan. Saroyda Amir Muzaffaxondan keyingi hukmdorlar davrida ham ushbu hududda qurilish ishlari davom etgan. Jumladan, Amir Abdulahadxon inshoot tarkibida hashamatli zal va koʻplab saroy xonalari qurdirgan.Buxoroga tashrif  buyuruvchilarda katta taʼsurot qoldirgan bu inshoot 1920—1924-yillarda  Buxoro Xalq Sovet Respublikasining  Ziroat nozirligi ixtiyorida boʻlgan.Ushbu saroy butunlay vayronaga aylangan. Uning atrofida  bogʻ yangidan barpo etilgan.  1960-yillarda bogʻ hududida Buxoro viloyati suv xoʻjaligi  binosi qurilgan. Mustaqillik yillarida bogʻdagi ushbu bino mahalla fuqarolar yigʻiniga berilgan boʻlib, hozirgi kunda ham faoliyat olib bormoqda. Buxoro amirlari tomonidan katta mablagʻ sarflab bunyod etilgan Shirbudin majmuasi oʻz davrida ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy ahamiyat kasb etgan.  

Toponim



Shirbudun — Shirbadan,  Sherbudin tarzida talaffuz qilinib, bu soʻzlar bir-biridan farq qiladi. Masalan, Shirbadan soʻzi fors-tojik  tilida Shir — sut, badan — tana degan maʼnoni bildirsa, Shirbudun soʻzi shir xalqi, elati maʼnolarini anglatadi. Shir, sir, chir, nomlari bilan qadimgi turkiy xalqlardan biri nomlangan. Sir budun — „sir xalqi“, „sir qavmi“ maʼnosida Kultegin yodgorligida (732-yil) uchraydi. Demak, Buxoro shahridan  sharqda joylashgan Shirbudun qishlogʻi  nomi tarkibida saqlangan  budun soʻzi bu toponimning shu soʻz qoʻllanilgan davrga  (yaʼni X—XI asrlarga) mansubligidan, shu vaqtlarda Buxoroning bir maskanida  turkiy xalqlarga mansub shir (sir, chir) qavmi muqim  boʻlganligidan dalolat beradi. Chunki koʻp hollarda    shu qishloqda yashagan aholi — urugʻ (qavm, elat) nomi bilan atalib  kelgan. Shirbudun soʻzi hozirgi kunda asosan Sherbudin savdo majmuasi borligi sababli, xalq orasida Sherbudin tarzida talaffuz qilinadi. 2007-yilda shu hududning mahalla fuqarolar yigʻiniga Shirbudun nomi berilgan.

Meʼmorchiligi



Saroy devorlari balandligi 10 metr boʻlib, aylana shaklidagi loy devordan iborat. Boshqa saroylar singari, uning tekis tomlari bor va har xil mevali daraxtlar, gular va atirgul butalari, ajoyib bogʻlar bilan oʻralgan. Saroy binolarining bir qismi gʻisht, bir qismi yogʻoch bilan qurilgan va bezatishlarda devorlarga oltin suvi yuritilgan. Shirbudun saroyi bir qancha kichik arab-fors uslubida bezatilgan xonalardan iborat bo’lgan.  Baʼzi xonalar devoriy suratlar bilan bezatilgan. Xonalardagi medalyonlar ichidagi naqqoshlik namunalari sharq bilan gaʼrbni uygʻunlashtirgan. Saroyda oynali xona ham mavjud bo’lib, oyna balandligi 4 arsh (1 arsh — 0,711 metrga teng) bo’lib, xona devorlari hoshiyasiz oynalar bilan oʻralgan. Xonaga fransuz gilami toʻshalgan, shiftida esa fransuz bronzasidan ishlangan qandil osilgan. Xona oʻrtadagi gumbaz arab uslubidagi bezaklar bilan bezatilgan va oltin suvi yugurtirilgan. Saroy hovlisi markazida oq tosh (marmar)dan ishlangan hovuz va favvora oʻrin olgan. Saroyda amirning qabulxonasi boʻlib, ajoyib bezatilgan va jihozlangan, balkon va yogʻoch ustunlari bor. Minbarda amir taxti joylashgan, taxt Rossiya imperatori tomonidan sovgʻa qilingan. Pollar serhasham gilamlar bilan qoplangan. Qabulxonadan soʻng hovliga qaralgan orqa tomonda ustunlar va marmar zinapoyalar bor. Saroy turli xil bezaklar, yogʻochdan yasalgan ustunlar, verandalar va chiroyli balkonchalardan iborat. Bu yerda ayollarning asosiy harami, gumbazli xonalar, hammomlar, favvoralar va ichki hovli atrofida dabdabali suptropik bogʻlar ham mavjud.

Manbalar




Adabiyotlar



Ilmiy adabiyotlar




Tarixiy manbalar




Esdaliklar




Ilmiy maqolalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz