Bunyodkor koʻchasi (Toshkent)
Bunyodkor koʻchasi (Bunyodkor shoxkoʻchasi) — asosan Chilonzor tumani hududida, Oʻzbekiston koʻchasi bilan Katta halqa yoʻli oraligʻida.
Tarixi va nomi
Uzunligi 8 km atrofida. 2008-yil 1-avgustdan „Bunyodkor shoxkoʻchasi“ deb yuritiladi (1966-2008-yillarda „Xalqlar doʻstligi shoxkoʻchasi“ deb atalgan). Mustaqillik yillarida Bunyodkor shoxkoʻchasida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qurildi, Oʻzbekiston milliy bogʻi barpo qilindi, Oqtepa kanali ustidan oʻtgan koʻprik taʼmirdan chiqarildi, "Sobir Rahimov" metro bekati yaqinida yoʻloʻtkazgich-koʻprik qisqa fursatda qurilib, foydalanishga topshirildi, Chilonzor buyum bozori qurildi, unga yondosh koʻcha qismi kengaytirildi va koʻkalamzorlashtirildi. 19-asrda Bunyodkor koʻchasi oʻrnidagi yoʻl Beshyogʻoch dahasi tarkibida boʻlgan va tashqaridan Toshkent markaziga kirib kelinadigan asosiy yoʻllardan biri hisoblangan. Keyinchalik Chilonzor tumani hududini shahar markaziga bogʻlaydigan asosiy koʻcha boʻlib qoldi. Koʻcha ikki bosqichda qurilgan. Muqimiy koʻchasidan Katta halqa yoʻligacha boʻlgan birinchi qismi 1966-yilgacha, Muqimiy koʻchasidan Oʻzbekiston koʻchasigacha boʻlgan ikkinchi qismi 1968-yildan boshlab qurilgan. 1972—77-yilda koʻcha yaqinidan metro yoʻli oʻtishi munosabati bilan taʼmirlandi. 1981-yilda ushbu koʻchani Furqat koʻchasi bilan bogʻlaydigan yer osti yoʻli bunyod etildi. 2006-yil 22-avgustda Bunyodkor koʻchasi va Kichik halqa yoʻli kesishmasida eni 30 m, uzunligi 374 m, balandligi 7,5 m boʻlgan yangi koʻprik foydalanishga topshirildi.
Mashhur binolar va inshootlar
Bunyodkor koʻchasi yoʻnalishida yuqorida sanab oʻtilgan inshootlardan tashqari 9 qavatli turar joy binolari, shifo maskanlari, banklar, maishiy xizmat koʻrsatish va savdo shoxobchalari, "Istiqlol" sanʼat saroyi, Gʻafur Gʻulom nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, „Toshkent“ avtovokzali, „Otchopar“ bor. Koʻchada "Milliy bogʻ", "Hamza" (Novza), "Chilonzor" va "Sobir Rahimov" (Olmazor) metro bekatlari joylashgan.
Yana qarang
Manbalar
uz.wikipedia.org