Bunjikat
Bunjikat – Ustrushоna vohasining poytaxti. Samarqanddan olti farsax (36-48 km) masofada joylashgan. Bunjikatdan yarim farsax masofada Sangzor daryosi joylashgan. Shaharning hozirgi davrdagi oʻrni esa Oʻzbekiston Respublikasi Jizzax viloyatining Baxmal tumani deb belgilangan.
Manbalarda Bunjikat yirik hunarmandchilik va savdo markazi sifatida tilga olinadi. Bunjikat hududidan temir qurol-yarogʻlar, misdan tayyorlangan asbob anjomlar, yogʻochdan ishlangan asbob-uskunalar, uy-roʻzgʻor buyumlari, egar-jabduqlar kabi hunarmandchilik mahsulotlari Sharq mamlakatlari bozorlariga chiqarilgan.
Bunjikatda shahar hokimi qarorgohi – ark, shahristonda qasrlar, uzumzor va ekinzor bogʻlar joylashgan. Shahar atrofi baland devor va xandaqlar bilan oʻrab olingan. Tashqi shahar qismida qamoqxona joylashgan. Zomin, Mirosmanda, Nujket va Kahalboz degan toʻrt darvozasi boʻlgan Bunjiket Samarqanddan Jizzax tarafga olti farsax masofada joylashgan. Erkak aholisi 20 ming kishini tashkil etgan. Qadimiy shaharning bugungi kundagi oʻrni Jizzax va Gʻallaorol oʻrtasida deb taxmin qilinadi.
Oʻrta asrlarning mashhur geograf olimi al-Istaxriy „Masolik al-mamolik“ asarida Bunjikatga quyidagicha taʼrif beradi:
Bunjikat viloyat hokimi yashaydigan shahar boʻlib, uylari yogʻoch va loydan qurilgan. U ichki va tashqi shahardan iborat, devorlar bilan oʻralgan. Ichki shaharning ikki darvozasi bor. Shaharning ichidan katta daryo oqib oʻtadi. U yerda jome masjid, bozorlar va tegirmon ham bor. Shahar aylana devorining atrofida bir farsax keladigan bogʻlar, uzumzorlar va bir necha qasrlar boʻlgan. Tashqi shaharda oltita anhor boʻlib, ular shaahrdan yarim farsax kamroq masofada joylashgan daryodan boshlanadi[3].
Gʻarbdan sharqqa, shimoldan janubga – Baqtriya (Surxondaryo)ga savdo va harbiy harakatlar yoʻnalishi Bunjikat orqali oʻtgan.
Ustrushona Movarounnahrda arablar egallay olmagan soʻngi oʻlka boʻlgan. 822-yilda Bunjikat ham arablar qoʻl ostiga oʻtgan. Qal`alarning kultepaga aylangan qoldiqlaridan topilgan koʻplab qimmatli ashyolar, shaharning kutilmagan hujum natijasida bosib olinganligini tasdiqlaydi.
Arablarga Bunjikat shahrini egallashda yordam bergan Haydar ibn Kovus oʻz tarafdorlari bilan abbosiy xalifa Maʼmun (815-833), keyinchalik xalifa al-Mu`tasim saroyida xizmat qiladi va katta muvaffaqiyat qozonadi. Keyinchalik, u rasman Ustrushona hukmdori etib tayinlangan boʻlsa ham, aslida bu vazifani uning nomidan oʻgʻli Hasan ibn Haydar bajaradi. 893—
894-yillarda Ustrushona Somoniylar davlati tarkibiga kiradi.
Ustrushanani oʻrganishga birinchi jiddiy urinishlar rus tadqiqotchilari P. I. Lerx, A. A. Kushakevich, N. S. Likoshin, P. S. Skvarskiy va V. V. Bartold tomonidan mintaqa Rossiyaga qoʻshib olingandan soʻng darhol amalga oshirilgan. Ularning soʻnggi tadqiqotlari XIX asrning 90-yillarida oʻtkazilgan. Ustrushona haqidagi yozma manbalardan olingan maʼlumotlarni umumlashtirib, yodgoliklar tadqiq etilgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org