Buniyotov Ziyo Muso Ugli




Ziyo Muso o'g'li Buniyotov (1923.21.12, Ozarbayjon, Astara shahri – 1997.21.2, Boku) – ozarbayjon sharqshunosi, Ozarbayjon Fanlar akademiyasi akademik (1976), Ozarbayjonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1982), tarix fanlari doktori (1964), professor (1965). Ikkinchi jahon urushi Qahramoni (1945). Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti direktori (198186, 198897). Ozarbayjon Fanlar akademiyasi vitseprezidenti (1990—97). Buniyotovning ilmiy faoliyati Ozarbayjon va unga qoʻshni Yaqin va Oʻrta Sharq davlatlari tarixi hamda madaniyati masalalariga bagʻishlangan. Buniyotov Qurʼoni karimning ozarbayjon tilidagi tarjimoni. U koʻplab oʻrta asr tarixchilari asarlarini arabchadan rus tiliga tarjima qilgan. Buniyotovning „Xorazmshohlar – anushteginiylar davlati (1097—1231)“ nomli yirik tadqiqoti diqqatga sazovordir.

Tarjimayi holi



Ziyo Buniyotov 1923-yil 21-dekabrda Ozarbayjonning Astara shahrida tugʻilgan. Otasi Muso Movsum oʻgʻli Buniyotov, shayxlar avlodidan boʻlgan. Otasi tufayli u bolaligidan arab tilini oʻrgandi va Qurʼon oʻqiy boshladi.  Onasi Raisa Mixaylovna Gusakova, Ozarbayjonga koʻchib kelgan rus oilasi vakili boʻlgan. 1939-yilda oʻrta maktabni tugatgach, Bokuga aviatsiya maktabiga oʻqishga kiradi.  Ammo tibbiy komissiyadan oʻta olmagani uchun S.Orjonikidze nomidagi Boku piyodalar bilim yurtida oʻqishni davom ettiradi.  1941-yil may oyida harbiy maktabni leytenant unvoni bilan tugatgan. 1942-yil avgustdan Ikkinchi jahon urushi frontlarida jang qilgan. Ukraina, Moldova, Kavkaz (Mozdok va Tuapse uchun janglarda), Belorussiya va Polsha uchun janglarda faol qatnashgan. Buniyotov janglarda jasorat koʻrsatadi, ulardan birida front chizigʻini yorib oʻtib, polk bayrogʻini qurshovdan olib chiqadi. Kavkaz etaklarida boʻlib oʻtgan mudofaa jangida Ziyo Buniyatov 120 askardan iborat rotani boshqargan, ular orasida Saratovdan kelgan Volga flotiliyasining 50 nafar dengizchisi ham bor edi. Janglarning birida uning rotasidagi 17 kishi dushmanning 15 ta zirhli texnikasini yoʻq qiladi.

1945-yilning mayidan 1946-yilning mayigacha Buniyatov Berlinning Pankov tumani harbiy komendanti yordamchisi boʻlib ishlagan va bu yerda vayron boʻlgan shaharda iqtisodiy va madaniy hayotni normallashtirishga hissa qoʻshgan

1946-yilda podpolkovnik Buniyatov nafaqaga chiqdi. 1950-yilda Moskva Sharqshunoslik institutini, 1954-yilda esa Moskva davlat universiteti aspiranturasini tamomlagan. 1954-yil may oyida u „Afrikadagi italyan imperializmi“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi va avgust oyida Ozarbayjon SSR Fanlar akademiyasi Tarix institutiga katta ilmiy xodim sifatida ishga kirdi. 1960-yillardan boshlab Buniyatov armanlarga qarshi tarixiy maqolalar yozishni boshladi. 1964-yilda u „Ozarbayjon 7-9-asrlarda“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.

1965-yilda SSSR Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi unga professor ilmiy unvonini berdi. 1967-yilda Ziyo Buniyotov Ozarbayjon SSR Fanlar akademiyasi (FA) muxbir aʼzosi etib saylandi. 1976-yilda Ozarbayjon SSR Fanlar akademiyasining akademigi etib saylandi. 1981-yildan Sharqshunoslik instituti direktori, 1990-yildan Ozarbayjon SSR Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti. Buniyotov Ozarbayjon Fanlar akademiyasiga rahbarlik qilganda armanlarga qarshi materiallar nashri koʻpaydi. 1980-yildan Ziyo Buniyatov Ozarbayjon Sovet Ensiklopediyasi bosh tahririyati aʼzosi.

Jaloliddin Xorazmshoh siymosiga qiziqib, 1973-yilda Jaloliddining shaxsiy kotibi Shahobiddin an-Nasaviy xotiralarining toʻliq matnini nashr etadi. Jaloliddin toʻgʻrisida Britaniya muzeyi va Parij milliy kutubxonasi qoʻlyozmalari asosida manbalarni tahlil qilib, ularni arab tilidan rus tiliga tarjima qiladi. Jaloliddin Xorazmshoh moʻgʻullarga qarshi 1220–1231-yillarda Oʻrta Osiyo, Kavkaz, Eron, Iroq hududlarida kurash olib borgan. 1973-yilda Moskvada uning Xorazmshohlar tarixiga oid „Государство Хорезмшахов-ануштегинидов, 1097—1231“ monografiyasi nashrdan chiqqan.

Ziyo Buniyotov 1980-yillar oxirida Orolni qutqarish qoʻmitasi ishida qatnashgan.

Buniyotov 45 yillik ilmiy faoliyati davomida 450 dan ortiq ilmiy ishlar olib borgan.

Vafoti




1997-yilda Ziyo Buniyotov Bokudagi uyining kiraverishida otib oʻldirilgan. Rasmiy versiyaga koʻra, qotillik Hizbullohning Boku boʻlimi aʼzolari tomonidan uyushtirilgan, ular Buniyatovni Isroil razvedka xizmati Mossad aʼzosi deb eʼlon qilgan va uni Ozarbayjonda sionizmni tarqatishda ayblagan. Buniyatovning qotilligi uchun bir necha kishi sudlangan.

Ziyo Buniyotov Bokudagi Faxriy xiyobonga dafn etilgan.

Manbalar




Adabiyotlar




uz.wikipedia.org



Uzpedia.uz