Bugʻdoy




BUGʻDOY (Triticum) — gʻalladoshlar oilasiga mansub oʻtsimon oʻsimliklar turkumi; eng qad. va hozirgi dunyoning koʻpgina mamlakatlarda ekiladigan asosiy don ekini. Somatik hujayralarida xromosomalarning soniga koʻra farq qiladigan 3 (diploid, tetraploid, geksaploid) qatorga kiradigan 30 ga yaqin yovvoyi va madaniy turlari bor. Jahon dehqonchiligida asosan yumshoq B. yoki oddiy B. (T. aestivum, T. vulgare) va qattiq bugʻdoy (T. durum) ekiladi. Qolgan turlari kam ekiladi yoki butunlay ekilmaydi. Koʻpgina B. turlari (ararat, maxa, Timofeev bugʻdoyi, urartu, fors bugʻdoyi va boshqalar)ning vatani Zakavkazyedir.

B. Old va Oʻrta Osiyo mamlakatlarida miloddan avvalgi 7—6 ming yilliklarda maʼlum boʻlgan. 17-asrdan boshlab Shim. Amerikada ekila boshladi. B. Yer sharida shim.da 66° shahri k.da (Shvesiya), Rossiyada esa tajriba maydonlarida 76*44’ shahri k.da (Murmansk viloyati); jan.da Avstraliya, Janubiy Amerika, Afrikaning jan. chegaralarigacha ekiladi. Jahonda B. ekiladigan maydonilar 250 mln. gektarga yaqin boʻlib, yetishtiriladigan donning qariyb 30% B.ga toʻgʻri keladi (oʻrtacha 360 mln. t dan ortiq). Asosiy gʻallakor mamlakatlar — Rossiya, Qozogʻiston, Xitoy, AQSH, Hindiston, Kanada. Oʻzbekistonda 90- yillarning boshidan respublikaning gʻalla mustaqilligini taʼminlash uchun B. ekiladigan maydonlar kengaytirildi (1,2 mln. ga; 1999).

Botanik tavsifi. B.ning ildiz sistemasi popuk ildiz boʻlib, asosiy qismi yerning haydalma qatlamida rivojlanadi, ayrim ildizlar esa 180 sm gacha chuqurga kirib boradi. Poyasi — sidirgʻa boʻgʻimlarga boʻlingan somonpoya, boʻyi 40—130 sm. B.ning yotib qolishga chidami va hosildorligi poyaning balandligiga bogʻliq. Bargi poyani nayga oʻxshab oʻrab turadigan barg qini va lenta shaklidagi barg plastinkasidan iborat. Toʻpguli koʻpgulli boshoqchalardan iborat boshoq. B.da chetdan changlanish kam uchraydi, koʻproq oʻzidan changlanadi. Mevasi — don. Doni yalangʻoch (polba B.larda pardali), ovalsimon, tuxumsimon, choʻziq yoki sharsimon shaklda, qorin tomonida uzunasiga ketgan egatchali, oq yoki qizgʻishqoʻngʻir rangli boʻladi. Boʻliqligi jihatidan yumshoq (urvoqdi) yoki qattiq (yaltiroq, qayroqi) B.ga boʻlinadi. 1000 ta doni vazni 20—70 g. Yumshok B. boshogʻi qiltiqli va qiltiqsiz, qiltigʻi boshogʻidan kaltaroq; doni oq yoki qizgʻish, koʻndalang kesimi dumaloq, ichi asosan unsimon. Qattiq B. boshogʻi zich, asosan qiltiqli, qiltiqlari boshogʻidan uzun va tik oʻsadi.

Xoʻjalik ahamiyati. Doni toʻyimli, tarkibida oqsil (seleksion navlarida 10—12% dan 20—25% gacha, yovvoyi turlarida 25—30% gacha), kraxmal (60—64%), shuningdek yogʻlar (2%), vitaminlar, fermentlar, mineral moddalar va boshqa bor. Doni, kepagi va boshqa chiqindilari qimmatli yem, aralash yem sanoati uchun xom ashyo. Somoni yemxashak va toʻshama, qurilish materiali; poyasi qogʻoz, karton, oʻrov materiali ishlab chiqarish, savatlar, qalpoqlar toʻqish uchun ishlatiladi va h. k. Koʻk massasi molga beriladi, shuningdek silos qilinadi. B. donidan turli navli unlar, yorma, spirt, kraxmal va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Biologik xususiyatlari. B.— bir yillik oʻsimlik, har xil tur va shakllarni duragaylash yoʻli bilan koʻp yillik B. navlari yaratilgan (qarang Bugʻdoybugʻdoyiq duragaylari). Kuzgi, bahori, yarim kuzgi va kuz hamda bahorda ekilganida ham hosil beradigan (duoba) turlari ham bor. Kuzgi B. bahorgisidan biologik jyhatdan farq qiladi, sovuqqa va qurgʻoqchilikka chidamli, tuproq harorati 4—5° boʻlganda unib chiqadi. Ayniqsa boshoqlash davrida namga talabchan. Vegetatsiya davrida kuzgi B. uchun 2100°, bahori B. uchun kamida 1300° samarali harorat talab etiladi. Qurgʻoqchilik hosiddorlikni pasaytiradi. Kuzgi bugʻdoyning vegetatsiya davri kuzda 45—50, bahor—yozda 75—100 kun, bahori bugʻdoyniki 90— 100 kun. Kuzgi bugʻdoy qor qoplami qalin boʻlganda —35° gacha sovuqqa chidaydi. Bahori bugʻdoy maysalari —8— 10° daraja sovuqqa bardosh beradi. Kuzgi B. hosiddorligi suvli yerlarda 20— 25 (ayrim hollarda 70—80) s/ga, lalmi yerlarda bahori B. hosildorligi 12—18 s/ga boradi.

Agrotexnikasi. Sugʻoriladigan mintaqalarda kuzgi B.ni makkajoʻxori, gʻoʻza, kartoshka va boshqa dala ekinlaridan boʻshagan unumdor yerlarga ekish tavsiya etiladi. Nordon va shoʻrlangan tuproqda yaxshi oʻsmaydi. Ekish usuli yoppasiga qatorlab (qator orasi 12— 15 sm) yoki tor qatorlab (qator orasi 7—8 sm) ekiladi. Ekish meʼyori — lalmi yerlarda gektariga 70–110 kg, sugʻoriladigan mintaqalarda gektariga 170–200 kg, ekish chuqurligi 4—6 sm; kuzgi B. chuqurroq ekiladi, ekish meʼyori 10—15% ortiq olinadi, uruglik ekish oldidan saralanib, dorilanadi. Oʻzbekistonning sugʻoriladigan sharoitida B. ekiladigan yerga ekish oldindan 10—15 t goʻng, 40–80 kg fosfor, 40–100 kg azot, kaliy solinadi, oʻsuv davrida ham ekinzor oʻgʻitlanadi, suvli yerlarda oʻsuv davrida 2—3-marta sugʻoriladi, Oʻzbekistonda pishib yetilgan bugʻdoyzorlar yoppasiga bir yoʻla gʻalla kombaynlari bilan oʻribyigʻib olinadi.

Navlari. Oʻzbekistonda 1937—96 yillarda B. boʻyicha 6-marta (1937—61; 194464; 196065; 196375; 197080; 198085; 199095) nav almashtirildi. B. boʻyicha urugʻlik va yangi B. navlarini yaratishda Milyutin (Gʻallaorol) davlat seleksiya st-yasi |1937; hozirgi Suvli yerlarda boshoqli va dukkakli ekinlar ilmiy tadqiqot instituti (Andijon shahri)ning Gʻallaorol filiali] muhim ishlarni amalga oshirdi. Sugʻoriladigan maydonlarda B.ning Qiltiqsiz (Bezostaya 1), Unumli bugʻdoy, Sete Serros, Sangzor 4, Intensiv, Yonbosh, lalmi yerlarda Kizil bugʻdoy (qad. jaydari nav). Kizil Shalola (Krasnovodopadskaya 210), Surxok 5688, Tezpishar va boshqa navlari ekiladi. 1995-yildan Rossiyaning Krasnodar oʻlkasi, Ukrainadan keltirib ekilayotgan Skifyanka, Yuna navlari sugʻoriladigan maydonlarda gektaridan 50—70 s hosil berish imkoniyatiga ega. B. zararkunandalari: don tunlami, gessen pashshasi, koʻkkoʻz, shved pashshasi, hasva va boshqa Kasalliklari: qorakuya, qora zang, unshudring va boshqa

Adabiyotlar




uz.wikipedia.org



Uzpedia.uz