BRINZA



BRINZA (Rumincha Brinza — pishloq) asosan, qo’y, shuningdek sigir, echki sutidan yoki ularning aralashmasidan tayyorlanadigan sho’rtang pishloq. Rangi oq yoki ochsariq, sal ushaluvchan, xushxo’r, mazasi nordonsho’rtang. Tarkibida 40— 50% yog’, 49-52% suv, 4— 8% tuz bor, sutga nisbatan yengil hazm bo’ladi. Brinzani tayyorlash uchun sut shirdon fermenti yoki pepsin bilan ivitiladi. Hosil bo’lgan bo’tqa matodan tikilgan qopchalarda siqilib, zardobi ajratiladi, so’ng presslab, ma’lum shakl beriladi. 0,6— 1,5 kilogrammli kvadrat bo’laklarga bo’linib, yog’och chelak yoki bochkalarga qavatma-qavat joylanib, ustiga 18-22% li tuzli namakob quyiladi. Brinza yetilgunga qadar namakob vaqt-vaqti bilan almashtirib turiladi. 6—8 kuni og’zi berkitilib, savdo korxonalariga jo’natiladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz