BREMEN



BREMEN — Germaniya yeri yoki erkin Ganza shahri. Shimoliy Germaniya pasttekisligida, Vezer daryosining Shimoliy dengizga quyilish joyida, bir-biridan 65 kilometr masofada joylashgan ikki shahar — Bremen va Bremerxafenni (avanport) o’z ichiga oladi, bu ikki shahar oralig’idagi yerlar quyi Saksoniya hududi tarkibida. Maydoni 404 kilometr kvadrat. Aholisi 680 ming kishi (1995). Bremen — Germaniya yerlarining eng kichigi. Ma’muriy markazi — Bremen shahri. Bremenga 787 yilda episkop qarorgohi sifatida asos solingan. 11-asrda u “Shimoliy Rim” deb atalgan. 1358 yilda Bremen Ganza shaharlari Ittifoqi a’zosi bo’lgan. 1646 yilda Erkin imperiya shahri huquqini olgan. 1618-48 yillardagi 30 yillik urushdan so’ng Bremen Shvetsiya tarkibiga, 1715 yilda Gannoverga o’tdi. 1815 yilda erkin shahar deb e’lon qilindi. 1871 yildan Germaniya tarkibidagi erkin shahar. Iqtisodining poydevorini port xo’jaligi, xalqaro savdo va yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish tashkil etadi. Mamlakatning eng yirik dengiz portlari shu shaharlarda joylashgan, ular yuk ortish va tushirish jihatidan dunyoda etakchi o’rinni egallaydi. Bremerxafen portila yuklarning katta qismi konteynerlarda qabul qilinadi va jo’natiladi. Bu portlarda dengiz kemalariga tezkorlik bilan xizmat ko’rsatiladi. Sanoatida kemasozlik yetakchi o’rinda. Aviasozlik va kosmonavtika sanoati hajmi jihatidan va bu sohalarda yangi texnologiyalarni yaratish va joriy etish bo’yicha muhim ahamiyatga ega. Avtomobilsozlik, elektrotexnika va oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Bremerxafenda Germaniya qutbni o’rganish markazi joylashgan. Iqtisodining yana bir muhim tarmog’i — turizm. Dunyoga mashhur kemasozlik muzeyi, universitet, ilmiy tadqiqot institutlari, san’at maktabi bor. Qadimgi Bremen SanktPetri gotika sobori, Uyg’onish davrida qurilgan binolari bilan mashhur.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz