BRAHMANIZM



BRAHMANIZM, barahmanlik — qadimgi hind dini. Veda dinmasosida miloddan avvalgi 1-ming yillikning boshida paydo bo’lgan. Brahmanizmning muqaddas adabiyotiga vedalar va ularga yozilgan juda ko’p sharhlar (brahmanlar, arnyaklar, upanishadlar) kiradi. Brahmanizmda Veda dinidagi ko’pgina xudolarning ta’siri deyarli yo’qqa chiqib, asosan 3 Xudo: Braxma, Shiva va Vishnu e’tiborli hisoblangan. Brahma olamni yaratuvchi va boshqaruvchi, Vishnu — olamlarni saqlab qoluvchi va muhofaza qiluvchi, Shiva — hamma mavjudotni yakson etuvchi Xudo deb tushunilgan. Brahmanizmda ilgarigi totemistik tasavvurlarning qoldig’i sifatida hayvon (sigir, maymun)larni, ayrim o’simliklarni va boshqalarni ilohiylashtirish mavjud. Brahmanizmda butun borliq xayoliy bo’lib, jonli narsalar, jumladan inson ham qayta tirilish xususiyatiga ega deb qaralgan. Brahma belgilagan hayot me’yorlari, qonunning bajarilishi yoki bajarilmasligiga qarab inson axloqiga baho berilgan. Brahmanizm ta’limotiga ko’ra, jonni xalos qilish, uni bundan keyingi qayta paydo bo’lishdan saqlab qolishning birdanbir yo’li jonning Brahma bilan qo’shilib ketishidir. Bunga erishmoq uchun Brahmaning ilohiy mohiyatini to’la bilib olish, fikrni Xudoga qaratish va tashqi olamdan butunlay voz kechish talab etilgan. Brahmanizm ijtimoiy hayotni, jumladan davlatni ham Brahmaning ijodi, davlat arboblarini esa inson qiyofasidagi xudolar deb hisoblar edi. Miloddan avvalgi 6-5-asrlarda buddizm vujudga keldi va Brahmanizmga qarshi kurash olib bordi. Buddizmga qarshi kurash jarayonida va uning bevosita ta’sirida Brahmanizm asta-sekin hinduizmga aylanib ketdi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz