Bozori Mox
Bozori Mox - Buxorodagi qadimgi bozor . U yerda yiliga har gal bir kundan ikki marta bozor qilar va har bir bozor boʼlgan kuni butlar sotar edilar. Har bozor kuni ellik ming diramdan ortiq savdo boʼlar edi. Muhammad ibn Jaʼfar (an-Narshaxiy) oʼz kitobida shunday deydi: «Bu bozor bizning vaqtlarda (ham) bor edi; men nega bunday odat rasm qilingan deb juda ajablanar edim; Buxoroning keksalari va shayxlaridan: «buning sababi nima» deb soʼradim. Ular: «Qadim vaqtlarda Buxoro aholisi butparast boʼlganlar va bu bozor rasm boʼlib, oʼsha davrlardan boshlab bu yerda but sotganlar va (bozor) hozirda ham oʼsha (qadimgidek) qolib kelmoqda»,— deb javob berdilar. Аbu-l-Hasan Nishopuriyning «Xazoin ul-ulum» kitobida aytishicha, qadimgi vaqtlarda Buxoroda bir podshoh boʼlib, uning nomi Mox edi. U ana shu bozorni qurishga buyurdi; uning farmoni bilan duradgorlar va naqqoshlar u yildan bu yilgacha but yoʼnib, belgilangan kunda shu bozorga keltirib sotishar va xalq uni sotib olar ekan. Har qachon u but yoʼqolsa yoki sinsa, yoki eskisa, shu bozor kuni boshqasini sotib olar va eskisini tashlar ekanlar. Hozir Mox masjidi oʼrnashgan yerda katta ariq boʼyida bir serdaraxt tekislik joy boʼlib, shu daraxtlar soyasida bozor boʼlar adi. U podshoh, xalq but sotib olishga qiziqsin uchun, shu bozorga kelib hozir Mox masjidi oʼrnashgan yerda taxtda oʼtirar, har kim oʼzi uchun but sotib olar va uyiga olib ketar edi. Bu joy yana otashparastlar ibodatxonasi (ham) boʼldi; bozor kuni odamlar bu yerga yigʼilganlarida hammalari ibodatxonaga kirib olovga topinar edilar. Bu ibodatxona to islomiyat davrigacha bor edi, musulmonlar quvvatlanib ketgach, mazkur (Mox) masjidiii xuddi shu joyga bino qildilar. Hozir u Buxoroning moʼtabar masjidlaridandir.
Abu Bakr Muhammad ibn Ja'far an-Narshaxiy haqida batafsil ma'lumot
uz.wikipedia.org