Bozorboy Berkinov
Bozorboy Berkinov - iqtisod fanlari doktori(1991), professor(1992). “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 15 yil” esdalik nishoni(2006) bilan taqdirlangan. Korporativ boshqaruv, xususiy mulkchilik, investitsiyalarni boshqarish hamda bozor islohotlarini takomillashtirish yoʻnalishlari boʻyicha AQSh, Misr Arab Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasida malaka oshirgan.
Hayoti va mehnat faoliyati
Bozorboy Berkinov 1946-yil 14-iyunda Samarqand viloyati Poyariq tumani Oytamgʻali qishloq fuqarolar kengashiga qarashli “Katta turk” qishlogʻida dehqon oilasida tugʻilgan.
1961-yilda oʻz mehnat faoliyatini kolxozchi sifatida boshlagan. Oʻrta maktabni bitirib, 1963-68 yillarda Samarqand Davlat universitetining mexanika-matematika fakultetida taʼlim olgan va muvaffaqiyatli tamomlagan.
1968-1971-yillarda OʻzFA Kibernetika instituti(Toshkent)i aspiranturasini tamomlagan.
1972-1994-yillarda OʻzR FA Kibernetika institutida dastlab kichik ilmiy xodim, keyin katta ilmiy xodim, maxsus loyiha-konstruktorlik byurosida loyiha bosh muhandisi, laboratoriya mudiri, institut direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimlarida ishladi.
1994 2006-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi (hozirgi Davlat raqobat qoʻmitasi) huzuridagi Hisoblash markazli koʻp ukladli iqtisodiyotni shakllantirish muammolari Ilmiy markaz direktori, Bozor islohotlarini chuqurlashtirish instituti direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimlarida ishladi.
2006-yildan boshlab Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Institutsional va iqtisodiy tadqiqotlar markazi” rahbari, “Makroiqtisodiyot” kafedrasi mudiri(2007-2010y.), professori lavozimlarida ishlab kelmoqda.
Ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyati
1972-1994-yillar davomida Bozorboy Berkinov Kibernetika institutida agroiqtisodiy jarayonlarni modellashtirish, agro-sanoat majmui tarmoqlari va korxonalarini isloh qilish va rivojlantirish muammolari ustida samarali faoliyat olib bordi va bu sohadagi ilmiy tadqiqot ishlariga rahbarlik qildi.
1975-yilda Toshkent Xalq xoʻjaligi instituti ixtisoslashgan kengashida qishloq xoʻjaligif.n., professor Vahob Abdurazzoqov rahbarligida “Tuman hududida qishloq xoʻjalik ishlab chiqarishini maqbul ixtisoslashtirish, joylashtirish va rivojlantirish” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
1991-yilda akademik V.Q.Qobulov va professor G.V.Besnaxotniy(Rossiya) rahbarligida “Paxtachilik mintaqasida qishloq xoʻjaligini yuritish tizimlarini modellashtirish” mavzuida “Iqtisodiy-matematik usullar” ixtisosligiga Toshkent xalq xoʻjalik instituti (hozir Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) qoshidagi ixtisoslashgan kengashda doktorlik disseratatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Mustaqillik yillari mobaynida B.Berkinov yakka va hammualliflikda 4 ta monografiya, 14 ta oʻquv qoʻllanma, 8 ta ilmiy-ommabop risola, 65 dan ortiq ilmiy maqola chop ettirdi.
1994-2006-yillari Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi “Hisoblash markazli koʻp ukladli iqtisodiyotni shakllantirish muammolari ilmiy markazi”, Bozor islohotlarini chuqurlashtirish ilmiy tadqiqot instituti (hozirgi “Xususiylashtirish, korporativ boshqarish, qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish muammolari tadqiqot markazi”)da koʻp ukladli iqtisodiyotni shakllantirish va rivojlantirish uchun oʻta muhim boʻlgan qonunchilik hujjatlari va dasturlari loyihalarini ishlab chiqish va joriy etishda, jumladan, “Xususiy korxona toʻgʻrisida”gi, “Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Ipoteka toʻgʻrisida”gi, “Fermer xoʻjaliklari toʻgʻrisida”gi, “Dehqon xoʻjaliklari toʻgʻrisida”gi qonunlar va boshqa qonunchilik hujjatlari loyihalarini tayyorlashda faol ishtirok etdi.
Oliy iqtisodiy taʼlimning oʻquv rejalariga ilk bor “Institutsional iqtisodiyot” (bakalavr yoʻnalishi), “Indekativ rejalashtirish” hamda “Makroiqtisodiy siyosat” (magistratura mutaxassisligi) kabi fanlarni kiritishda tashabbus koʻrsatdi.
Oʻzbekiston iqtisodiyotini institutsional rivojlantirish, modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash jarayonlarini hamda tarkibiy islohotlarni izchil davom ettirish asosida xususiy mulkchilik, kichik biznes va tadbirkorlikka keng yoʻl ochib berish talablarini hisobga olgan holda, oliy iqtisodiy taʼlimga moʻljallangan “Korporativ boshqaruv”, “Institutsional iqtisodiyot”, “Indekativ rejalashtirish”, “Mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini prognozlash”, “Koʻchmas mulkni baholash”, “Biznes qiymatini baholash”, “Dehqon xoʻjaligi iqtisodiyoti”, “Ekonometrika”, “Milliy iqtisodiyot” fanlari boʻyicha yangi oʻquv adabiyotlarni tayyorladi va chop ettirdi.
2010-yilda chop etilgan “Koʻchmas mulkni baholash” (hammualliflikda) oʻquv qoʻllanma Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining “Yilning eng yaxshi oʻquv qoʻllanmasi” tanlovida 1-darajali diplomga sazovor boʻlgan va pul mukofoti bilan taqdirlangan.
Iqtisodiyotning turli sohalariga doir chop etilgan ilmiy tadqiqotlarning jami soni 165 nomdan ortadi. Institutsional iqtisodiyotning ilmiy-nazariy masalalari, xususiy tadbirkorlik, mulkdorlar sinfini shakllantirish, korporativ boshqaruv, tarmoqlarni isloh qilish muammolariga bagʻishlangan 45 dan ortiq ilmiy ishlar chop etilgan.
B.Berkinov iqtisodiy tadqiqotlarning yirik maktabini shakllantirgan. 65 dan ortiq nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarining mualliflariga bevosita ilmiy rahbar boʻlgan, shundan mustaqillik yillarida 2 ta fan doktori va 12 ta fan nomzodi tayyorlangan. Hozirda ushbu ilmiy maktab bitiruvchilari va tadqiqotchilari respublika ilmiy markazlari, oliy oʻquv yurtlari va boshqaruv tizimlaridagi islohotlarga oʻzlarining munosib amaliy xissalarini qoʻshib kelmoqdalar.
B.Berkinov 3 marta Davlat ilmiy-texnika dasturi loyihalari tanlovi gʻolibi boʻlgan. Loyiha tadqiqotlari natijalari boʻyicha 6 ta monografiya va 2 ta ilmiy konferensiya maʼruzalari toʻplami, Oʻzbekiston va xorij jurnallarida 28 ta ilmiy maqolalar chop etilgan. 2015-2017-yillar uchun moʻljallangan B.Berkinov rahbarligida bajarilayotgan ilmiy loyixa ishining mavzusi “Oʻzbekiston iqtisodiyotini barqaror rivojlanishining institutsional mexanizmlarini takomillashtirish” –degan nom bilan ataladi.
Manbalar
uz.wikipedia.org