BOZOR ISLOHOTLARI INSTITUTI



BOZOR ISLOHOTLARI INSTITUTI, O’zbekiston agrar sanoat majmuida bozor islohotlarini chuqurlashtirish ilmiy tadqiqot instituti — ilmiy muassasa. O’zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo’jaligi vazirligining Qishloq xo’jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazi tarkibida. Toshkent shahrida joylashgan. 1957 yilda O’zbekiston qishloq xo’jlik mahsulotlari yetishtirish va iqtisodiyoti ilmiy tadqiqot instituti nomi bilan tashkil etilgan. 1963-92 yillarda O’rta Osiyo qishloq xo’jalik iqtisodiyoti ilmiy tadqiqot instituti, 1992-94 yillarda O’zbekiston qishloq xo’jalik iqtisodiyoti ilmiy tadqiqot instituti nomlari bilan yuritilgan. 1994 yildan hozirgi nomda. Institut ilmiy faoliyatining asosiy yo’nalishlari o’tish davri qishloq xo’jalik islohotlari jarayonlarini kompleks o’rganish, agrar sohada islohotlar o’tkazish tamoyillari va ilmiy asoslarini ishlab chiqish, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni shakllantirish orqali mamlakat agrar sektorida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan ilmiy-amaliy takliflar tayyorlash; agrosanoat majmui tarmoqlarining o’zaro iqtisodiy aloqalarni yaratish; boshqarishning tashkiliyiqtisodiy mexanizmini ishlab chiqish; ko’p ukladli iqtisodiyotni shakllantirish, mulk shakli, shuningdek tuproq iqlim sharoitidan kelib chiqib eng samarali xo’jalik yuritish usullarini aniqlash; bozor infratuzilmasi, marketing va menejmentini shakllantirish; axborot ta’minoti va boshqalar. Institutda (2000) 14 sektor bor (ikki ijodiy guruh faoliyat ko’rsatadi). Institutda 3 akademik, 3 fan doktori, 24 fan nomzodi va 50 dan ortiq yuqori malakali ilmiy xodim va mutaxassislar ishlaydi. Respublikadagi 10 ilmiy tadqiqot intlari bilan hamkorlik qiladi, shuningdek Rossiya, Qozog’iston, Qirg’iziston, AQSh, Buyuk Britaniya, Isroil davlatlarning ilmiy markazlari, oliy o’quv yurtlari bilan aloqalar o’rnatilgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz