BOZOR INFRATUZILMASI
BOZOR INFRATUZILMASI — bozorda tovarlar va xizmatlarning erkin harakatini ta’minlaydigan muassasalar, tashkilotlar majmui. Bozor infratuzilmasining asosiy unsurlari quyidagilar: birjalar (tovar, xom ashyo, fond, valyuta) va ularning tashkiliy rasmiylashtirilgan vositachiligi; kimoshdi savdolari, yarmarkalar va birjadan tashqari tashkiliy vositachilik shakllari; kredit tizimi va tijorat banklari, emissiya tizimi va emissiya banklari; aholi bandligini boshqarish tizimi, davlat va nodavlat bandlikka yordam ko’rsatish markazlari (mehnat birjalari); axborot texnologiyasi va ishbilarmonlik aloqalari vositalari; soliq tizimi va soliq inspektsiyalari; tijoratxo’jalik xatari sug’urtasi tizimi va sug’urta kompaniyalari; maxsus reklama agentliklari, axborot markazlari va ommaviy axborot vositalari agentliklari; savdo palatalari, ishbilarmon doiralarning ixtiyoriy, davlat, jamoat birlashma (uyushma) lari; bojxona tizimi; o’rta va oliy iqtisodiy ta’lim tizimi, auditorlik kompaniyalari; konsalting (maslahat) kompaniyalari; ishbilarmonlik faoliyatini rag’batlantirishga xizmat qiladigan davlat va jamoat fondlari; maxsus erkin tadbirkorlik zonalari va boshqalar. Bozor infratuzilmasi ishlab chiqaruvchilar bilan iste’molchilar, ya’ni xaridor va sotuvchilarni bir-birlariga uchrashtirish, bozor ishtirokchilari o’rtasidagi oldi-sotdi operasiyalarini o’tkazish, ularning o’zaro hisob kitoblari, shuningdek bozordagi doimiy hamkorlik va mijozlik aloqalarini o’rnatish, ish kuchi topish va boshqalarda yordam beradi. Bozor infratuzilmasi davlatning iqtisodiyotni tartibga soluvchi tadbirlarini amalga oshiradi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz