BOZGO’Y
BOZGO’Y (fors—qayta aytish, takrorlash) — an’anaviy cholg’u musiqa asarlari shaklining o’zgarmay, muntazam takrorlanuvchi kuy tuzilmasi. Cholg’u asarning gavdalanishida xona (o’zgaruvchan kuy tuzilmasi) bilan almashinuvi jarayonida Bozgo’y muhim shakllantiruvchi vosita bo’lib xizmat qiladi: xonalarda ohanglar tobora rivojlanib, kengayib Bozgo’ylarga ulanadi. Kuy rivojida xona va Bozgo’ylar o’ziga xos vazifalarni o’tab, bir-birini to’ldirib boradi: xonalar rivoji jarayonida kuy ko’lami kengayib, mazmunan boyib boradi. Bozgo’ylar esa naqarot singari muayyan musiqiy fikrni ta’kidlaydi. Xona — Bozgo’y munosabatlari ma’lum darajada Yevropa xalqlari musiqasidagi Rondo shakliga o’xshashdir. Bozgo’y qonuniyatlarini o’zbek mumtoz cholg’u kuylari ashula yo’llari (maqom taronalari), yaqin o’tmish va zamonaviy bastakorlik ijodiyotida kuzatish mumkin. Ayrim kompozitor (Ik. Akbarov, F. Yanov Yanovskiy, M. Tojiyev, M. Mahmudov, M. Bafoyev)lar ham mazkur qonuniyatlardan ijodiy foydalanishgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz