Bo`z tumani





Boʻston tumani (Boʻz tumani)  — (1950-2019 yillarda — Boʻz tumani ) Andijon viloyatidagi tuman. 1950-yil 5-aprelda tashkil etilgan. 1962-yil 24-dekabrda Shahrixon tumaniga qoʻshib yuborilgan. 1964-yil 31-dekabrda qayta tuzilgan. 2019-yil 30-sentyabrda Boʻz tuman nomi Boʻston tumani deb oʻzgartirilgan. Boʻston (Boʻz) tumani shimol, shimoli-gʻarbda viloyatning Ulugʻnor tumani, shimolda Baliqchi tumani, sharqda Shahrixon tumani, janubi-gʻarbda Fargʻona viloyatining Yozyovon, janubda Qoʻshtepa tumani, janubi-sharqda Quva tumani bilan chegaradosh. Maydoni — 0,20 ming km. Aholisi — 75 mingdan ziyod kishi. Boʻston(Boʻz) tumanida 1 shaharcha (Boʻz) va 3 ta qishloq fuqarolar yigʻini (Mannop Jalolov, Xovos, Xoldеvonbеk) bor. Markazi — Boʻston(Boʻz) shaharchasi.

Geografiyasi



Boʻz tumanining yer yuzasi dengiz sathidan 500 metr balandlikdagi tekislikdan iborat. Tuman hududining gʻarbiy qismida koʻchma qum tepalari koʻp. Tepaliklar orasidagi pastlik joylarda baʼzan botqoqliklar uchraydi.

Tuman hududi 3 massivga boʻlingan: 1) Sharqiy Yozyovon massivi, 2) Katta Fargʻona kanali massivi, 3) Ulugʻnor massivi.

Iqlimi — keskin kontinental. Yanvarning oʻrtacha harorati — 0 darajadan minus 4 darajagacha, iyulniki — 24-28 daraja. Yiliga 200-300 mm yogʻin tushadi. Vegetatsiya davri — 210-220 kun. Tuman xoʻjaliklari Katta Fargʻona kanali, Katta Andijon kanali va Shahrixonsoydan sugʻoriladi. Yerosti suvlari yuzada (baʼzi joylarda 30-60 sm) boʻlganidan shoʻr yerlar koʻp, qattiq arziqlar (ganchsimon tuproqli yerlar) bor. Oʻzlashtirilmagan yerlarda shoʻrlar yer betiga chiqib yotadi. Ayrim joylarda botqoqliklar vujudga kelgan.

Tuproq tarkibi qumloq, yarim qumloq va qumsiz, chirindi miqdori 1,3-1,7 %. Shoʻrlanmagan joylarda 0,04-0,6 sulfat va xlorid kislota tuzlari, shoʻrlangan yerlarda esa 1-1.2 %dan 3 %gacha har xil tuzlar bor. Yovvoyi oʻsimliklardan yantoq, shoʻra, ajriq, kurmak, gʻumay, qamish, yulgʻun va boshqalar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, har xil ilonlar, suvsar, suv havzalarida baliqlar yashaydi.

Aholisi



Aholining milliy tarkibini, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, ruslar, qirgʻizlar, tojiklar, tatarlar, koreyslar va boshqa millat vakillari tashkil etadi.

Hududning mashhur kishilari



O`zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali Ahmedov.

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz