BO’Z
BO’Z, karbos — bo’sh pishitilgan paxta ipidan sodda to’qilgan mato; qalin, pishiq va tana haroratini bir xilda saqlaydigan mahalliy ip gazlama. Qadimdan qo’l dastgohdarida to’qilgan. Yozma manbalarda boshqa matolar qatori Bo’z ham ko’p tilga olingan: “qali atlas keysang unutma bo’zung” (A. Yugnakiy, 11-asr). Bo’zning “Etaklik Bo’z”, “sedrak Bo’z”, “Qali Bo’z” navlari farqlangan; musulmon Sharqida qizil Bo’z “alkirbos” nomi bilan mashhur. 17-asrda Turkistondan Moskvaga jo’natilgan matolar orasida “byaz” nomi bilan tilga olingan, qizil Bo’z esa “Kumach” deb atalgan. 19-asr boshida buxorolik to’qimachilar Astraxon, Vyatka, Qozon gubernyalarida qurgan ustaxonalarda Bo’z to’qib sotilgan. Bo’z Turkistonda qo’lda to’qilgan matolar orasida xaridorbop mato bo’lgani uchun mahalliy aholi orasida keng tarqalgan. Buxoroda Bo’z sotiladigan maxsus rasta — “bozori karbos” bo’lgan. Bo’zning oq, malla, rangin (Nil bo’yoqqa bo’yalgan) xillari bor. Chitgarlar risolasida (19-asr) Bo’zning qora, sariq, yashil, kulrang, binafsha, oq va boshqa xillari ishlanishi qayd etilgan. Oq Bo’zning ba’zi xillari oharlangan va yaltiratib pardozlangan, ba’zilari Paxmoqqa o’xshash tukli bo’lgan (tukli yuza o’ta qalin arqoq iplarga maxsus ishlov berilishi natijasida hosil qilinadi). Bo’zdan ichki ko’ylaklar va boshqa xil kiyimlar, kashta tikilgan buyumlar, gul bosib bezatilgan dasturxon, choyshablar tayyorlangan. Sayyora Mahkamova.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz