BOYZOQ DODXOH
BOYZOQ DODXOH, Boyzoqbiy (1789-1864) — Avliyoota atrofidagi qozoqlarni boshqarish uchun Qo’qon xoni tomonidan tayinlangan hokim (dodxoh). Katta juz tarkibidagi Duglat qabilasining shimir urug’idan. Qo’qon xonligiga qarshi kayfiyatda bo’lgan Boyzoq dodxoh yashirincha o’g’li Oqmolda (Oqmulla) Botir sarkorligidagi 1000 ta yigitni Avliyoota yaqinida turgan rus qo’shinlariga yordamga yuborgan (1864). Bundan xabar topgan Qo’qon xonligi amiri lashkari Alimqul uni Chimkentga chaqirtirib olib, qatl qilgan. 120 ta qozoq biylarining sardori bo’lgan Boyzoq dodxoh o’limi Alimqulga nisbatan obro’li qozoqlar ommasida kuchli adovat uyg’otdi. Ana shu adovat oqibatida ular ruslarga ko’ngilli askarzobit bo’lib xizmatga kirishgan. Boyzoq dodxoh o’g’ilu qarindoshlari va yaqinlaridan 400 kishi general Chernyaev qo’shini safida Toshkent yurishida qatnashdi. Chernyaev 1864 yilning 27 sentabrida Toshkentga qilgan yurishida Boyzoq dodxohning o’g’li Oqmulla yuklar ortilgan tuyalarni boshqarib borgan, boshqa o’g’illari esa yo’l boshlovchi bo’lib xizmat qilishgan. Jambul viloyatida Boyzoq dodxohning yodgorliklari hanuzgacha saqlangan. Boyzoq dodxoh qozoq xalqini dehqonchilik bilan shug’ullanishga, o’troq hayot kechirishni o’rgatishda ko’p mehnat sarflagan. Ad.: O’zbekistonning yangi tarixi. Birinchi kitob. Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida, T., 2000.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz