BOYSUNTOG’



BOYSUNTOG’ — Hisor tog’ tizmasining eng uzun Janubiy g’arbiy tarmog’i. Surxondaryo viloyatining asosan Boysun, qisman Sariosiyo tumanlari hududida joylashgan. Shimol sharqdan Janubi g’arbga 150 kilometrga cho’zilgan. Eng baland joyi — 4425 metr (Xo’japiryox tog’i). Boysuntog’ning ayrim qismlari turli nomda ataladi: (shimoli sharqdan Janubi g’arbga) Qushtang (3723 metr), Ketmonchopti, Sarimas (1886 metr), Suvsiztog’ (2124 metr). O’rtacha balandligi 2500-3000 metr. Boysuntog’ tizmalari Sheroboddaryo bilan Surxondaryoning suvayirg’ichi. Boysuntog’da 3000 metrdan baland dovonlar (Belovti — 3712 metr, Gaza — 3018 metr) bor. Boysuntog’ gersin va Alp orogenezlari davrida burmalangan. Asosan paleozoy erasi granit, granodiorit, gneys, slanes jinslaridan tarkib topgan. Yon bag’irlari soy o’zanlari bilan parchalangan, denudatsiya tektonik shakllari kup tarqalgan. Karst hodisasi rivojlangan. Boysuntog’ning Janubi Sharqiy yon bag’rilari tik va kambar, shimoli g’arbi esa qiya. Janubiy Sharqiy yon bag’rining iqlimi ancha yumshoq (3000 metrgacha) va sernam. Dengiz sathidan 1200-1500 metr balandlikda yozda temperatura 25°, qishda 0°, 2500-3000 metr balandlikda esa yozda 17°, qishda — 6°. 750-1800 metr balandlikda minimal temperatura -17°, 1800-2800 metr balandlikda — 17° dan -25° gacha. O’rtacha yillik yog’in miqdori Boysunda 445 millimetr, 2000 metr balandlikda 800 millimetr. Boysuntog’dan kup sersuv daryo va soylar boshlanadi (Machaydaryo, Qayroqsoy, Xo’jaipok, Boysunsoy, Shotutsoy, Palg’ar va boshqalar). Bo’z tuproq, qo’ng’ir, qoraqo’ng’ir tog’-o’rmon, ochqo’ng’ir o’tloqidasht, ochqo’ng’ir baland tog’tuproqlarida tog’dasht, archazorsiyrak daraxtli o’rmon, o’rmon, o’tloq dasht yaylov o’simliklari o’sadi. Boysuntog’ dorivor, efir moyli, mevali daraxtlar, yem-xashak va boshqa maqsadlarda foydalaniladigan o’simliklarga boy. Antropogen ta’sir oqibatida o’simlik qoplamlari maydoni qisqarib, turlarning zaxiralari kamaymoqda. Boysuntog’da yovvoyi hayvonlar ham ko’p. Tog’dan asosan yaylov sifatida foydalaniladi. Lalmi va sug’orma dehqonchilik, bog’dorchilik rivojlangan. Boysuntog’da tuproq eroziyasi, yaylov degressiyasi, tog’ landshaftlari degradatsiyasi (yemirilishi), tabiiy ofat hodisalari (sel, o’pirilish, ko’chki), sodir bo’lishi keng tarqalgan. Boysuntog’da 60 million yil ilgari yashab o’tgan dinozavr izlari topilgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz