BOYSUNSOY



BOYSUNSOY — Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi soy. Surxondaryonint o’ng irmog’i. Ketmonchopti tog’ining Jan.Sharqiy yon bag’ridagi buloqlar (2500 metr) dan boshlanadi. Yuqori oqimi dastlab Qo’rg’ondarasoy, Avlodsoy, so’ng Hangaronsoy, quyi oqimi Taqirsoy va Taqirko’lsoy deb ataladi. Jaloir temir yo’l stansiyasidan 1,5 kilometr Sharqda Surxondaryoga quyiladi. Uzunligi 82 kilometr, havzasining maydoni 55.8 kilometr kvadrat. Boysunsoyga umumiy uzunligi 213 kilometr bo’lgan 150 ga yaqin irmoq qo’shiladi. Boysunsoy vodiysining eni avlod qishlog’igacha 15-16 metrdan 80 metrgacha. Boysunsoy qor, yomg’ir va buloq suvlaridan to’yinadi, o’rtacha yillik suv sarfi 0,58 metr kub/sekund. Suv ko’payganda (aprel— iyun) o’rtacha suv sarfi 1,0 metr kub/sekundni tashkil etadi va yillik oqimining 60-70% ham shu davrga to’g’ri keladi. Ba’zan sel oqimlari kuzatiladi. Toshqin davrida suvi loyqalanadi (13 kilogramm/metr kub).

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz