BOYSUNG’UR



BOYSUNG’UR, Boysunqur, Boysunqar (1397.16.9—Hirot — 1433.20.12) — temuriy Shahzoda. Shohrux Mirzo bilan Gavharshodbegimnning o’g’li. Boysung’ur 1414 yil Mozandaron, Astrobod va Jurjon viloyatlari hokimi, 1416-20 yillarda esa otasi Shohruxning vaziri bo’lgan. Eron Ozarbayjoni (1420) va Astrobod (1431) hokimi. Og’ir dardga chalinib 36 yoshida vafot etgan. Boysung’ur insonparvar, adolatpesha, ilm va adab ahliga muruvvatli hukmdor bo’lish bilan birga, o’zi ham g’azallar bitgan, xattotlik va naqqoshlik san’atini mukammal egallagan. U Hirotda noyob qo’lyozmalar jamlangan juda boy kutubxona tashkil qilgan, unda 40 dan ortiq xattot mo’g’ullar istilosi davrida yo’q qilingan qo’lyozmalarning bo’lak nusxalarini topib, ulardan nusxalar ko’chirish yoki yaroqsiz holga kelganlarini tiklash bilan mashg’ul bo’lgan. Hirotdagi Gavharshodbegim masjidi bezaklari va kitobalarini shaxsan Boysung’ur ning o’zi bajarganligi tarixiy manbalarda qayd etilgan. Uning rahbarligi va bevosita ishtirokida Abulqosim Firdavsiy “Shohnoma”sining tanqidiy matni tuzilgan (1425-26). Unga Boysung’urning o’zi so’z boshi yozgan. “Shohnoma” ning bu nusxasi “Shohnomai Boysung’uriy” deb atalgan (rasmlar bilan bezatilgan mazkur qo’lyozma Tehron muzeyida saqlanadi). Shuningdek Boysung’ur jahon san’ati tarixida muhim o’rin tutgan Hirot miniatyura maktabita asos solgan. Bu maktab vakillari tomonidan ko’chirilgan asarlarning ko’pchiligi Istanbul kutubxonalarida saqlanadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz