BOYSUN TUMANI
BOYSUN TUMANI — Surxondaryo viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan (1962 yil 24 dekabrda Sherobod tumani bilan birlashtirilgan. 1965 yil 29 dekabrda qayta tuziddi). Boysun tumani viloyatning g’arbida joylashgan. Shimoli sharqda Sariosiyo, Sharqda Qumqo’rg’on, Janubda Qiziriq, Bandixon tumanlari, Janubi g’arbda Sherobod tumani bilan, shimoli g’arbda Qashqadaryo viloyatining Qamashi va g’arbda Dehqonobod tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 3,72 ming kilometr kvadrat. Aholisi 79 ming kishi (2000). Boysun tumanida 1 ta tumanga bo’ysunuvchi shahar (Boysun), 7 qishloq fuqarolari yig’ini (avlod, Boysun, Darband, Machay, Rabot, Sayrob, Qurg’oncha) bor. Markazi — Boysun shahri. Tabiati. Boysun tumani hududining shimoliy va g’arbiy qismini Hisor tog’ tizmasi tarkibidagi Boysuntog’va uning tarmoqlari (Belovti, Xo’jabo’zbarak, chol tog’i, Xo’jagurgurota, Gaurli, Sariqil, Kentalamachay tog’lari, Ketmonchopti, Sarimas, Suvsiztog’, Kulbatog’va boshqalar) egallagan. Janubi va sharqi tog’oldi va adirlardan iborat. Tog’lar orasidagi soyliklar, tog’oldilari o’zlashtirilgan. Ukonit, keramzit, karbid, ohaktosh qazilma boyliklari topilgan. Iqlimi quruq subtropik iqlim. O’zbekistonning boshqa tog’li tumanlaridan issiklik resurslarining ancha balandlikkacha yuqoriligi b-ila ajralib turadi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 850 metr balandlikda 2°, 3200 metr balandlikda -6°, iyulniki 830 metr balandlikda 30°. O’rtacha yillik yog’in miqdori 500-1200 metr balandlikda 150-400 millimetr, 1200 metrdan balandda 450-800 millimetr. Vegetatsiya davri 230-240 kun. Mahalliy shamollar, fyon shamoli, afg’on shamoli esadi. Boysun tumani tog’laridan juda ko’p daryo va soylar boshlanadi. Ularning eng muhimlari: Sherobod daryo va uning irmoqlari Machaydaryo (O’rmoncha, Jakandi, Olchasoy), Shurob, Xo’jabulgansoy, Panjob, Laylagansoy; Xo’jaipok daryosi va uning irmoqlari: Qo’rg’onchasoy (Xo’jabo’zbarak, Qizilsoy, Chindon, O’rtanago soylari qo’shiluvidan hosil bo’lgan), Halqajar (olachopon va Qayroqsoy). Bulardan tashqari Hangaronsoy (Boysun), Pulhakimsoy va boshqalar bor. Boysun tumanida qadimiy qal’ashaharlar ko’plab topilgan. Eng yiriklari: Poyqo’rg’on, Qozimullatepa, Saribandtepa, Yalangto’shtepa, Darband, Munchoqtepa, Bo’yrachi, Qiziljartepa, Mullatepa, Kallaqo’rg’on. Ibtidoiy odamlar yashagan g’orlar, manzillar: Teshiktosh, Machay, Katta Suluvkamar, Do’konxona, Amir Temur, Iskandarxon va boshqalar. Sayrob chinori (Sayrob qishlog’ida), temir darvoza (Darband qishlog’ida), Teshiktosh g’ori (Machay qishlog’ida), dinozavr izlari, Bibishox shotisi, Boybuloq g’ori (Qo’rg’oncha qishlog’ida), Poyonqo’rg’on (Rabot qishlog’ida) kabi tarixiy obidalar bor. Tuproqlari bo’z tuproq, chimli, qo’ng’ir va och qo’ng’ir tog’tuproqlari, shurxok tuproqlar. Yovvoyi o’simliklardan sho’ra, yantoq, jinchak, qizg’aldoq. boychechak, yaltirbosh, no’xatak, tog’rayxon, kiyiko’t, gulxayri, shuvoq; dorivor o’simliklardan Alkor, xartol, zanjovul, o’lmaso’t, qontepar, oqshair; archa, yovvoyi mevali daraxtlar va boshqalar o’sadi. Jayron, tog’echkisi, yovvoyi cho’chka, silovsin, sug’ur, bo’ri, tulki, chiyabo’ri, qo’ng’ir ayiq, jayra, qushlardan kaklik, kalxat, burgut, Lochin, qarchig’ay, boyo’g’li, olashaqshak, chil va boshqalar yashaydi. Aholisi, asosan o’zbeklar, shuningdek tojiklar ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi har bir kilometr kvadratga 20,8 kishi. Shaharliklar 23899 kishi, qishloq aholisi 55099 kishi. Xo’jaligi. Boysun tumanida sanoat kam rivojlangan. Tuman Surxondaryo viloyati sanoat mahsulotining 0,8%ini beradi. Muhim foydali qazilmalari: kщэmir (Boysun), tabiiy gaz (gajak), polimetall rudalari (Boysuntog’), boksit (qayroq), fosforit, kaliy tuzi (Boysun), oltingugurt, yonuvchi slanes (Boysun), qurilish materiallari va boshqalar. Asosiy sanoat korxonalari: “Ishonch” aktsiyadorlik jamiyati, Boysun (tuda) ko’mir koni, xalq iste’moli mollari ishlab chiqaradigan kichik korxona va tsexlar. 1994 yil Boysunda respublikada karbid ishlab chiqaruvchi birinchi korxona ishga tushirildi. Aholiga xizmat ko’rsatuvchi tadbirkorlar uyushmasi, hunarmandlar uyushmasi, 164 kichik korxona, 18 aktsiyadorlik jamiyati, “Boysun”, “Boysunqurilish” va 256-ko’chma mexanizatsiyalashgan kolonna, avtokorxonalar, “Boysun” bozori bor. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmoqlari chorvachilik, don xo’jaligi, o’rmon xo’jaligi, beda urug’chiligi, bog’dorchilik va tokchilikdir. Boysun tumanining jami yer maydoni 329,3 ming gektar, shu jumladan sug’oriladigan yerlar 6,1 ming gektar. Ekinzorlar jami (shu jumladan lalmi yerlar) 21,9 ming gektar, ko’p yillik daraxtlar 1,5 ming gektar. Tomorqalar, bog’dorchilik, sabzavotchilik uyushmalarining yerlari 2,2 ming gektar (1999). Boysun tumanida 9 jamoa xo’jaligi (2 don chorvachilik, 3 chorvachilik, 2 beda urug’chiligi, bog’dorchilik-tokchilik, asalarichilik, qishloq xo’jalik shirkat uyushmasi (bo’rdoqichilik), 70 ta fermer va dehqon xo’jaliklari mavjud. Asosiy ekin maydonlari don, sabzavot, emxashak ekinlari bilan band. “Qo’rg’oncha” va “Machay” jamoa xo’jaliklari beda urug’chiligiga, “Rabot” jamoa xo’jaligi bog’dorchilik-tokchilikka ixtisoslashgan. Boysun tumanida 21,8 ming qoramol, shundan 11,2 mingi sigir, 190,6 ming qo’y va echki, 41.7 ming parranda, 184 yilqi bor (1999). Chorvachilik asosan go’sht yog’ beruvchi dumbali hisori qo’ychilik, qorako’lchilik, yilqichilik, go’sht yo’nalishidagi qoramolchilikka (barcha xo’jaliklarda) ixtisoslashgan. Boysun tumanida 25 ming gektar o’rmon (archazorlar) bor (1999). Boysun tumanida tuman markazi va tog’ qishloqlarini Surxondaryo viloyatining asosiy avtomobil yo’li — katta O’zbekiston trakti bilan bog’laydigan yo’llar bor. 1995 yilada qariyb 230 kilometr uzunlikdagi G’uzor — Boysun — Qumqo’rg’on temir yo’l qurilishi boshlandi. 1999/2000 o’quv yilida 54 umumiy ta’lim maktablarida 18869 o’quvchi, 2 kasb hunar-texnika litseyida 944 o’quvchi, 1 hunartexnika bilim yurtida 466 o’quvchi o’qidi. 83 ommaviy kutubxona, 11 klub, madaniyat uyi, san’at muzeyi bor. Tumanda 370 o’rinli 5 kasalxona, “Omonxona” shifo maskani, 5 ambulatoriya, 30 feldsherakusherlik, 3 qishloq vrachlik shoxobchalarida 138 vrach, 491 o’rta tibbiy xodim ishlab turibdi. 1932 yildan “Boysun ovozi” tuman gazetasi chiqadi (adadi 2200).
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz