BOYSUN



BOYSUN — Surxondaryo viloyatidagi shahar (1975 yildan), Boysun tumani markazi. Boysundan Termizgacha bo’lgan masofa 145 kilometr, eng yaqin temir yo’l stansiyasi Elbayongacha — 72 kilometr. Ketmonchopti tog’ining Janub yon bag’rida, Hangaronsoy bo’yida, dengiz sathidan qariyb 1240 metr balandlikda. Shimol qismida Sariosiyo va Avlod qishloqlariga tutashgan. Aholisi 20,6 ming kishi (2000). Boysun Surxondaryo viloyatidagi eng qadimgi aholi manzillaridan. Boysunning shimoli g’arbida Teshiktosh g’ori joylashgan. Boysunda miloddan avvalgi taxminan 5-ming yillik oxirida aholi yashaganligi ma’lum. Miloddan avvalgi 1-asr—milodiy 1-asrda Boysun o’rnida Poikalon nomli mustahkam qal’ashahar mavjud bo’lgan. Milodiy 6-13-asr boshlarida Boysun o’rnida Chag’oniyon shaharlaridan biri — Bosand joylashgan. Abu Ishoq Istahriyning “Kitob masolik va almamolik” (“Mamlakatlar yo’llari to’g’risida kitob”)ida ham Bosand deb ta’riflangan. “Hudud ulolam”da Bosand ko’p sonli va jangovar aholili mustahkam joydir deyilgan. Bosand Chag’oniyon markazidan temir qapig’ orqali Samarqandga boradigan savdo yo’li ustida joylashgan. Arxeologik manbalarga ko’ra, Bosandda hayot ilk o’rta asrlardan mo’g’ullar istilosigacha davom etgan. Mo’g’ullar bosqinida vayron bo’lgan shahar keyinroq qayta tiklangan. Chig’atoy ulusi tarkibiga mansub ko’chmanchi turk qavmlari unga “Boysun” deb nom berganlar. “Boysun” atamasi qadimgi turkiycha “boy” va “sin”dan olinib, “ulug’ tog'” yoxud “katta tog'” ma’nosini anglatgan. Qadimgi turkiy qavmlarda boshqa narsalarga sig’inishlar qatorida toqqa sig’inish ham mavjud bo’lib, tog’lar muqaddas sanalgan. Mahalliy rivoyatlarga ko’ra, bu yerda qadimdan turkiy qavmlarning badavlat kishilari yashagan bo’lib, “Biysun” atamasi “boylar qishlog’i” ma’nosini anglatgan. Boysun mavzesi “Zafarnoma”ada ham qayd etilgan. 19-asrda Boysun Buxoro amirligi davrida Surxondaryodagi uchta beklikdan birining markazi bo’lib, unda badavlat o’zbek aholisi yashagan. Boysunning Janub qismidan viloyatlararo avtomobil yo’llari o’tgan. Shahar aholisi kulolchilik, temirchilik, zargarlik, kashtachilik, duradgorlik, kosibchilik, qandolatchilik bilan shug’ullanadi. “Ishonch” aktsiyadorlik jamiyati korxonasida asosan shoyi, jumladan abrli atlas, beqasam, trikotaj kiyimlar, to’nchoponlar tayyorlanadi. Boysunda 5 umumiy ta’lim maktabi, sport va musiqa maktablari, Mehribonlik uyi, 2 kinoteatr, 6200 o’rinli stadion, klub, 10 kutubxona, 2 poliklinika, qishloq vrachlik shoxobchalari, sanitariya-epidemiologiya stansiyasi, o’rmonchilik xo’jaligi bor. Boysunning o’rtasidan Hangaronsoy kesib o’tgan. Boysunda mashhur “Shalola” va “Shiru shakar” folklor-etnografik ansambllari faoliyat ko’rsatmoqda. Bular YUNESKOning Umumjahon nomoddiy yodgorliklar ro’yxatiga kiritildi. “Alpomish” dostoni yaratilganligining 1000 yilligini nishonlash munosabati bilan Boysunda dam olish va sport inshootlariga ega bo’lgan “Alpomish” bog’i, “Alpomish” muzeyi tashkil etildi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz