BOYQO’ZIYEV SHERQO’ZI
BOYQO’ZIYEV SHERQO’ZI (1879, hozirgi Farg’ona viloyati Buvayda tumani Bekobod qishlog’i—1961.21.10, Qo’qon) — xonanda, O’zbekiston xalq hofizi (1939). Qo’qon katta ashula ijrochilik maktabi namoyandasi. Dastlab otasi Boyqo’zi Hofiz vakeyinroq Abdurazzoq Hofiz, Erkaqori Karimovlardan katta ashula an’analarini o’rgangan, ularga hamnafaslik ham qilgan. Hamroqulqori, Boltaboy Hofiz, Mamatbuva Sattorovlardan katta ashula va maqom yo’llarini o’zlashtirgan. Ovozi baland, nafasi keng bo’lib, ashulalarni engil va ravon ijro etgan. Repertuaridan “Ey sanam”, “Ohkim”, “Muncha ham”, “Chorgoh”, “Ayrilmasun”, “Yovvoyi Ushshoq” kabi katta ashulalar o’rin olgan. Shogirdlari — Meliqo’zi Yusupov, Abbos Boboev, O’tamboy Sarimsoqov, Haydarali Hikmatov va boshqalar. Qo’qon ijrochilik an’analarini hozirgi davrgacha davom ettirishgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz