BOYOVUT TUMANI



BOYOVUT TUMANI — Sirdaryo viloyatidagi tuman. 1955 yil 19 aprelda Toshkent viloyati tarkibida tashkil etilgan. 1960 yilda Yangiyer tumaniga qo’shilgan. 1963 yil Sirdaryo viloyati tarkibida qayta tashkil etildi. Boyovut tumani Sirdaryo viloyatining sharqida joylashgan. Sharqda Toshkent viloyatining Bekobod tumani, Janubi g’arbda Xovos tumani, shimolda Guliston tumani, g’arbda Mirzaobod tumani va Janubda Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 0,435 ming kilometr kvadrat. Aholisi 80,2 ming kishi (1999). Boyovut tumanida 1 shaharcha (Boyovut) va 1 qishloq fuqarolari yig’ini (Boyovut, Dehqonobod, Darvozaqir, Do’stlik, Laylakko’l, Madaniyat, Mingchinor, Olmazor, Tinchlik, Usmonobod, G’allakor) bor. Markazi — Boyovut shaharchasi. Tabiati. Boyovut tumani Mirzacho’l dashtining Janubda joylashgan. Relefi tekislik bo’lib, yer yuzasi allyuvial yotqiziqlar bilan qoplangan. Iqlimi kontinental iqlim. Iyulning o’rtacha temperaturasi 26-28″, yanvarniki -2°, -4°. Yiliga o’rtacha 200— 300 millimetr yog’in tushadi. Tuman hududida Bekobod shamolining ta’siri kuchli. Tuman hududidan Janub Mirzacho’l kanali va Toshkent viloyati Bekobod tumani chegarasidan “Do’stlik” kanali o’tgan. Grunt suvlari sho’r va sho’rtob. Tuproqlari lyoss ustida vujudga kelgan har xil bo’z tuproqlar. Ko’p yerlarini sho’r bosgan. Yovvoyi hayvonlardan tulki, chiyabo’ri, yovvoyi mushuk, quyon, sudraluvchilardan turli xil ilonlar, suvda va quruqda yashovchilardan cho’l qurbaqasi uchraydi. Sultonhovuz ko’lidan baliq ovlanadi. Aholisi, asosan, o’zbeklar; rus, tojik, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 kilometr kvadratga o’rtacha 161 kishi to’g’ri keladi. Shaharliklar 13,8 ming kishi, qishloq aholisi 66,4 ming kishi (1999). Xo’jaligi. Tuman xo’jaligining asosiy tarmoqlari — paxtachilik, chorvachilik, bog’dorchilik va g’allakorlik. Tuman markazidagi mahalliy sanoat korxonasida xalq iste’moli mollari ishlab chiqariladi. 2 paxta tozalash, g’isht va non zavodlari bor. Tumanda 39 kichik va xususiy korxona, 250 o’rta biznes bilan shug’ullanuvchi korxona, 2 avtokorxona. aloqa bo’limi faoliyat ko’rsatadi (1999). Qishloq xo’jaligida sug’oriladigan yerlar 29,7 ming gektar, ekinzorlar 29,2 ming gektar, shu jumladan 16,7 ming gektar yerga paxta, 126 gektar yerga sabzavot, 11,7 ming gektar yerga donli ekinlar, 787 gektar yerga yem-xashak ekinlari ekiladi. Boyovut tumanida 10 shirkatlar uyushmasi, yopiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati, 2 dehqon-fermer xo’jaligi birlashmasi bor. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 21,7 ming qoramol, 18,8 ming qo’y va echki, 25,6 ming parranda, 688 ot boqiladi (1999). 1999/2000 o’quv yilida 45 umumiy ta’lim maktabida 20328 o’quvchi, 1 litseyda 185 o’quvchi, 2 hunar litseyida 918 o’quvchi ta’lim oldi. San’at maktabi, 33 kutubxona, 18 klub, 12 qishloq madaniyat uyi, 2 avtoklub, 7 badiiy havaskorlik jamoasi, muzey bor. 280 o’rinli kasalxona va dispanser, 35 tibbiy punkt bo’lib, ularda 107 vrach, 950 o’rta ma’lumotli tibbiy xodim ishlaydi. 1966 yildan “Istiqbol” tuman gazetasi chiqadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz