BOYOVUT
BOYOVUT — o’zbek qabilalaridan biri. 14-asr tarixchisi Rashiduddinning “Jome attavorix” va Abulg’oziy Bahodirxonning “Shajarayi turk” asarlarida Boyovutlar Movarounnahrga Chingizxon qo’shinlari bilan birga kelgan qabilalar qatorida ko’rsatilgan. Rashiduddinning yozishicha, qadimgi vaqtda Boyovut ancha katta qabilalardan biri bo’lib, bir necha tarmoqqa (bo’lakka) bo’lingan. 13— 14-asrlarda Boyovutlarning katta bir qismi o’zbek, turkman xalqlari tarkibiga kirib, ular bilan aralashib ketgan. Qo’lyozma nasabnomalarning ba’zilarida Boyovut qadimgi 92 o’zbek urug’ining biri sifatida ko’rsatilgan. Qadimgi Boyovut urug’iga mansub bo’lgan kishilarning avlodlari hozirgi Guliston tumanining Boyovut qishlog’ida yashaydilar, ularning shevasi o’zbek tilining qipchoq lahjasiga kiradi. Ad.: Rashidaddin, Djami attavarix, t.1, 4.1, 2 izd., M., 1968; Abulg’ozi, Shajarayi turk, T., 1992.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz